Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang» (Oli Imron, 103), deb marhamat qiladi. Shuningdek, Baqara surasining 256-oyatida: «Bas kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga iymon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va bilguvchidir», degan.
Mana shu ikki oyat bu dunyoda insu jinni bir narsaga da’vat qilmoqda – u ham bo‘lsa birlikka. Bu birlik ham bu dunyoda, ham u dunyoda baxt-saodat keltirishi uqtirilmoqda. Qolgan barcha ibodatlar, toatlar va yaxshi amallar shu tushuncha zamirida yotadi. Agar kishi oyati karimada zikr etilgan mustahkam arqonni tutsa, shaytonga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, bu olam ham guliston, u olam ham guliston. Demak, u Allohning chaqirig‘iga javob beribdi va Alloh taoloning roziligini topibdi. Alloh rozi bo‘lgan banda Uning barcha amrlarini bajarib, barcha nahiylaridan qaytadi, deganidir. Va kimda-kim bu buyruqlarni bajarmasa, Allohning g‘azabiga uchraydi.

