«Qalblarni davolovchi lag‘monxona» — pushaymonlik, kechirim, ikkinchi imkoniyat va o‘tmishdan voz kecha olmayotgan qalblar haqida hikoya qiluvchi ta’sirchan koreys fentezi romani. Tiriklar va marhumlar olami chegarasida, cheksiz sahro bag‘rida sirli kichik lag‘monxona joylashgan. Uning egasi janob Chye kelgan har bir mehmonni tinglab, uning yuragida qolib ketgan armonlari va tugallanmagan hikoyalarini eshitadi.
Agar insonning tugallanmagan ishi yoki aytilmagan so‘zlari bo‘lsa, janob Chye unga yaqin insonlari oldiga qaytish va muhim gaplarini aytish uchun yana bir imkoniyat beradi. Taqdirini qabul qilishga tayyor bo‘lgan ruhlarga esa u o‘ziga xos, sehrli sharchalar solingan lag‘mon tayyorlaydi.
Bir kuni lag‘monxona oldida Chxey ismli qiz paydo bo‘ladi. U o‘zi haqida deyarli hech narsani eslay olmaydi — faqat vafot etganini biladi. Janob Chye uning xotiralarini tiklashga va kelajagi haqida qaror qilishga harakat qiladi. Shu vaqt ichida Chxey lag‘monxonada unga yordam bera boshlaydi. Biroq ularning uchrashuvi tasodifiy emasligi va o‘tmishlari bir-biri bilan bog‘liqligi asta-sekin ayon bo‘ladi.
Asar sirli muhit, koreys madaniyati va insoniy tuyg‘ular bilan uyg‘unlashgan. Kitob kechirish, yaqin insonlarni qadrlash, aytilmay qolgan so‘zlar va o‘tmishdagi og‘riqlarni qo‘yib yuborish haqida o‘ylashga undaydi.

