Beruniyning o‘zi qoldirgan ma’lumotlarda aytilishicha, onasi o‘tin terish bilan tirikchilik qilgan. Bu ma’lumotdan xulosa qiladigan bo‘lsak, alloma oddiy, faqir bir oilada tug‘ilib voyaga yetgan. U yoshligini xotirlab yozganlaridan birida: “Men Yunonistondan kelib qolgan bir olimdan turli o‘simliklarning yunonchada qanday atalishini so‘rardim. Bilganlarimni yondaftarchamga batafsil yozib borar va yodlab olardim”, deydi. Abu Rayhon Beruniy yoshligidan islom diniga oid ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlarni ham puxta egallab borgan.

