Muhtaram kitobxon! Bolaligimizda ota-onalarimiz koʼpincha kechki ovqatdan soʼng, baʼzan nonushta ustida biz, farzandlariga «tarbiyaviy soatlar» oʼtkazishar, suhbatlari zerikarli boʼlmasligi va eslab qolishimiz oson boʼlishi uchun koʼpincha gaplariga xalq maqollari va matallari, turli ibratli rivoyatlar, oʼzlari guvoh boʼlgan voqealar, hadislarni ustalik bilan singdirib yuborishardi. Аyniqsa, oʼtmish donishmandlarining ogʼizdan-ogʼizga oʼtib kelayotgan turli ibratli rivoyatlari, nasihatomuz hikoyatlari hammamizga yoqar, ularni soatlab tinglashga tayyor edik.
Yoshimiz ulgʼaydi, oʼzimiz ham oila qurdik, farzandli, nevara-chevarali boʼldik. Аmmo zamon shiddatli boʼlib ketdimi yo vaqtning barakasi qochdimi yoki biz, kattalar hafsalasiz boʼlib qoldikmi, nima boʼlganda ham, oʼsha «tarbiyaviy soatlar» unut boʼldi. Ularning oʼrnini televizor, kompьyuter, telefon kabi texnika vositalari egallab oldi. Bolalarga aytib beriladigan rivoyatlar ham asta unut boʼla boshladi.
Sharq donishmandlarining ibratli hikoyatlari va rivoyatlaridan tuzilgan ushbu kitob bolalar tarbiyasi sohasida olib borilayotgan keng miqyosli ishlardagi ana shu kemtikni biroz toʼldirsa, farzandlarimizni yaxshilikka, ezgulikka, insofga, adolatga, pok eʼtiqodga chorlasa, axloq-odoblaridagi qusurlarni yoʼqotishda foydasi tegsa, muallif oʼz oldiga qoʼygan maqsadiga erishgan boʼlur edi. Kitobga tartib berishdan asosiy muddao ham faqat shudir! Mutolaangiz foydali va maroqli boʼlsin deb,
Аhmad Muhammad Tursun.

