• ISBN: 978-9910-7318-6-0, Muallif: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Nashriyotchi: "Hilol-nashr", Sahifalar soni: 200, Oʻlchami: 84×108 1/32, Yumshoq muqovali
«Mo‘minning najoti - mufassal zakot kitobi» (kirillda), Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qalamlariga mansub «Mo‘minning najoti - mufassal zakot kitobi».
So‘z boshi
Islom dinining besh ruknidan uchinchisi bo‘lmish zakot ibodati haqida kerakli maʼlumotlarni o‘qib-o‘rganish va bilish, ularga amal qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Shuning uchun zakot haqidagi bilimlarni keng tarqatishga hamisha ehtiyoj bo‘lgan va bu borada juda ko‘p kitoblar taʼlif qilingan. «Hadis va hayot» turkum kitoblarining sakkizinchi juzi ham aynan shu ruknga bag‘ishlangan edi. Bugun esa muhtaram o‘quvchilarimizga zakot haqida mufassal so‘z yuritilgan ushbu kitobni taqdim etayotganimizdan behad mamnunmiz va ular ushbu kitobdan o‘zlarini qiziqtirayotgan ko‘pgina savollarga javob topadilar, degan umiddamiz.
O‘quvchilarimiz bu kitobdan zakotning farzligi, uning fazilati haqida, zakoti beriladigan va berilmaydigan mollar haqida, zakotga haqdorlar va zakotning to‘g‘ri bo‘lish shartlari xususida batafsil maʼlumot oladilar. Shuningdek, mazkur «Mo‘minning najoti» kitobida ko‘pchilikni doimiy ravishda qiziqtirib keladigan masala – qaysi xildagi mollardan qay tarzda va qancha zakot chiqarilishi haqida ham so‘z yuritiladi. Yana unda chorva hayvonlaridan olinadigan zakotlar va mazhablarning bu boradagi fikrlari haqida ham atroflicha so‘z yuritiladi.
Ziroat mahsulotlaridan chiqariladigan, “ushr” deb yuritiladigan zakot haqida ham kengroq bayon qilindi, chunki aynan zakot hisoblangan bu narsada bir qadar xatoga yo‘l qo‘yilayotgani hech birimizga sir emas. Shuningdek, ziroat mahsulotlarining nisobi va bu sohaga tegishli ko‘pgina masalalar ham batafsil yoritildi.

