“Har birimizning ichimizda quduq, har bir quduqda esa junjikkan Yusuf bor...”
Hayotda shunday kunlar bo‘ladiki, atrof qorong‘i, eng yaqin insonlar ham yoningizda emas, “hammasi shu yerda tugar ekan-da” degan o‘y qalbingizni ezadi. Yusuf alayhissalom ham shunday kunlarni boshdan kechirganlar: akalar hasadi, quduq zulmati, qul bozori, saroydagi fitna va zindon. Ammo bir lahza ham Allohning rahmatidan noumid bo‘lmadilar. Oxir-oqibat quduqdan qasrgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdilar.
“Yusufnoma” mana shu yo‘l haqidagi kitob. Alloh taolo Qur’oni karimda “qissalarning eng go‘zali” deb atagan Yusuf surasidan bugungi hayotimiz uchun saboqlar olib beradi. Muallif bu yo‘lni “yusufona manhaj” deb ataydi va uni har bir o‘quvchining hayot yo‘liga aylantirishga chorlaydi.
Bu kitob shunchaki o‘qib, javonga qo‘yib qo‘yish uchun yozilmagan. U siz bilan suhbatlashadi, savollar beradi, qalbingizga nazar tashlashga undaydi. Sahifalarda o‘z hayotingizni, kechinmalaringizni, goh kenglik, goh tanglikdan iborat kunlaringizni ko‘rasiz.
Kitobda nimalar haqida so‘z boradi:
• Sabr va umid: eng og‘ir damlarda ham Allohga tayanish
• Hasad: u qalbni qanday ko‘r qiladi va undan qanday saqlanish kerak
• Nafsni tiyish va nazarni asrash: Yusuf alayhissalomning saroydagi sinovidan saboqlar
• Iymon: qalbga sakinat va xotirjamlik beruvchi asl kuch
• Namoz va duo: Alloh bilan yaqinlik yo‘li
• Ehson: iymondan keyingi eng yuksak martaba
Kitobdan satrlar:
“Agar quduq bo‘lmaganida, qasr ham bo‘lmas edi!”
“Maqsadingiz tomon yurishdan to‘xtamang, unga yetguncha sabr qiling.”
“Allohni rozi qilish uchun yashasangiz, U Zot sizni hayotingizdan rozi qilib qo‘yadi!”
“Modomiki borar joyimiz tuproq ekan, u holda hayotimiz o‘zgalar hayoti uchun urug‘lik bo‘lsin.”
Bu kitob kimlar uchun:
• Hayotida og‘ir sinovni boshdan kechirayotganlar uchun
• Qalbiga taskin, ruhiga quvvat izlayotganlar uchun
• Qur’on qissalarini chuqurroq anglashni istaganlar uchun
• Yaqinlariga mazmunli va savobli sovg‘a izlayotganlar uchun
Muallif o‘quvchiga shunday murojaat qiladi: “Kitobdagi bir sahifa yoki birgina jumla sizdagi bir yomon sifatga barham bersa yoxud sizni yangi bir go‘zal xulq bilan bezasa, biz o‘zimizni baxtiyor sezamiz.”
Kitob haqida ma’lumot:
• Nomi: Yusufnoma (Risolatu Yusuf)
• Muallif: Ibrohim Muhammad
• Arab tilidan tarjima: Jahongir Jo‘rayev
• Nashriyot: Naqshi
• Nashr yili: 2026
• Sahifalar soni: 207 bet
• Bichimi: 84x108/32
• Qog‘ozi: ofset
• Tili: o‘zbek tili, kirill yozuvida
Kimniki qalbida bo‘lsa qandili,
Olam zulmatidan siqilmas dili.

