Jozef Nay - AQSH Mudofaa vazirining xalqaro xavfsizlik masalalari bo'yicha sobiq yordamchisi, Garvard va Oksford universtitetlari professori, siyosatshunos. U Amerika tashqi siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri sifatida ham tanilgan. "Yumshoq Kuch" (soft power) atamasini fanga olib kirgan Jozef Nay o'zining ushbu kitobida Sovuq urush davridan keyingi jahon siyosati va xalqaro munosabatlarda yumshoq kuch strategiyasini qo'llash usullari, uning manbalari, qattiq kuchning (hard power) o'zgaruvchan tabiati, bir qator aktorlarning yumshoq kuch siyosati hamda Amerika Qo'shma Shtatlari timsolida yumshoq kuchning ta'siri va rolini atroflicha tahlil etadi. Tarjima asar nafaqat siyosat, iqtisod, madaniyat va axborot sohasi bilan shug'ullanuvchi mutaxassislarga, balki keng kitobxonlar ommasi uchun ham mo'ljallangan. So'zboshi: Butun siyosat tarixi muhobara va toqnashuvlardan iborat. Bu haqida turli rivoyatlar, afsonalar, qo'lyozmalar va hatto hukmdorlar tomonidan kitoblar yozilgan. Siyosatning kuchi va qudratini aks ettirgan harbiy yoki iqtisodiy voqealar har doim ham hokimyatning ta'sirini belgilab bermaydi. Ba'zan ko'zlangan maqsadlarga "yumshoq" vositalari bilan ham erishish mumkin. Strateg Sun Szi o'zining harb ilmi haqidagi taniqli "Urush san'ati" asarida "G'alabaning eng a'losi yuz marta jang qilib, yuz marta g'alaba qozonish emas, balki jang qilmasdan g'olib bo'lishdir", deb aytgan edi. Shu jihatdan, kuchning mavjudligi emas, undan qay tarzda foydalana olish juda muhimdir. Bugungi xalqaro munosabatlarda siyosatdonlar bir davlat yoki hududni bosib olish, unga tahdid qilish yoki kuch ishlatish usullarini qo'llamasdan ham ko'zlangan muvaffaqiyatlarga erishish mumkinligiga tobora amin bo'lishmoqda.

