Kim uchundir ayol boʻlish — bir sinov. Ehtimol, u haqdir. Patriarxal anʼanalar hanuz hukmron boʻlgan dunyoda ayol uchun imkoniyat cheklanganday koʻrinishi tabiiy. Doim ham shundaymi? Mey Maskning ushbu memuarini oʻqib, mashaqqatlarga dosh bergan ayol nafaqat obroʻ va baxt topishi, balki u tarbiyalagan farzandlar, kerak boʻlsa, koinotni zabt etishi mumkinligini tushunamiz.
Ushbu kitobda mashhur milliarder Ilon Maskning onasi Mey Mask oʻzining murakkab, lekin mazmunli hayoti toʻgʻrisida soʻzlaydi. Asarni oʻqib, Mey Mask naqadar mustaqil va jasur ayol ekanidan hayratlanasiz. U oʻzining boy hayotiy tajribasidan kelib chiqib, goʻzallik, sogʻlik, baxt va farzand tarbiyasi sirlarini biz bilan baham koʻradi. Boy kasbiy va hayotiy tajribaga ega Mey Mask nafaqat ayollar, balki erkaklar uchun ham muvaffaqiyatli inson namunasidir. Uning hikoyasi bizni toʻkis va erkin yashashga, dunyo koʻrishga hamda mudom yangi imkoniyatlar izlashga ilhomlantiradi. Ehtimol, turmushimizdagi ayrim to’siqlarni yengishda, zerikarli bir xillikdan xalos qilishda Mey Maskning tajribasi asqatar...

