• ISBN: 978-9943-7318-2-2, Muallif: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Nashriyot: «Hilol-Nashr», Sana: 2023 yil, Hajmi: 248 bet, O‘lchami: 84×108 1/32, Muqovasi: yumshoq, Alifbosi: kirill, Tili: o'zbek
Muqaddima
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
Mo'min bandalari uchun namozni Me'roj qilgan Alloh taologa u zotning o'ziga munosib hamdu sanolar bo'lsin!
"Ko'zimning quvonchi namozda qilindi" deya marhamat etgan Rasuli Akram Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo'lsin!
Haq subhanahu va taologa beadad shukrlar bo'lsinki, yurtimiz musulmonlari haq dinlarini imkon darajasida mukammal o'rganishga intilishmoqda. Uzoq vaqt davom etgan tazyiq va ta'qiblardan so'ng diniy qadriyatlarimiz o'zimizga qaytdi, Alloh taoloning lutfu inoyati bilan ibodatlarimizni komil, to'kis ado etishga o'tildi. Bu borada ayniqsa ibodatlarning eng ulug'i sanalgan namoz arkonlarini puxta o'rganish, ularni shariat talablariga muvofiq to'kis ado etishga jiddiy e'tibor qaratildi. Musulmonlarimizga namoz o'qish tartib-qoidalarini o'rgatishda ayniqsa kichik hajmli, suratli qo'llanmalar juda qo'l keldi. Keyinchalik namoz haqidagi mukammalroq kitoblar chop etishga ham kirishildi. Kamina xodimingizning "hadis va hayot" turkumida nashr qilingan kitoblarining beshinchi, oltinchi, ettinchi juzlari "namoz kitobi" deb atalib, to'laligicha shu ulkan ibodatga bag'ishlangan edi.
Ammo shularga qaramay, namoz o'qishni o'rganish, uning arkonlari, shartlari va ado etish tartib-qoidalari bilan tanishishga oid kitoblarga bo'lgan ehtiyoj susaymadi. Bu orada mazhabni tan olmaydigan toifalar chiqib, turli g'avg'olarni qo'zg'ashganida, hatto mazhabdoshlarimizning ming yillardan buyon o'qib kelayotgan namozlariga o'zgartirishlar kiritishni mo'ljallashganida ularning kirdikorlariga raddiya sifatida chop etilgan kitoblarning ham foydasi katta bo'lmoqda. Shunda ayrim azizlarimiz "namoz haqida savollar ham, har xil bir-biriga qarama-qarshi ma'lumotlar ham ko'payib ketdi, hammasini tartibga solishda qo'l keladigan, mazhabimiz talablariga javob beradigan bir kitob ta'lif qilinsa", degan takliflar ham kiritishdi.
Aziz muxlislarimizning bu takliflarida jon bor edi. Sababi, keyingi paytlarda ayrim toifalar ahli sunna val jamoaga qarshi har tomonlama faoliyatni kuchaytirib yuborishdi. Ular orasidan ibodatlarimizni ham taftish qiladigan "bilimdonlar" chiqib qoldi. Ular musulmonlarimizni chalg'itish, ular orasiga fitna va tafriqa urug'larini sepish uchun Internetda turli saytlar ochishdi, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham ish olib borishga kirishishdi.
Ularning asosiy e'tibor qaratgan mavzularidan biri namoz masalasi bo'ldi. Hatto ish shunga borib etdiki, Internet tarmog'ida ularning hanafiy mazhabidagi "xatolar"ga ixtisoslashgan maxsus sayti ham ishlay boshladi. Shuning uchun ham yurtdoshlarimizning bu holatdan tashvishga tushishlari tabiiy edi. Hatto muxlislarimizdan birining yozishicha, semiz va sersoqol bir odam videoda hanafiy mazhabinikidan boshqacharoq tahorat qilib ko'rsatib, "bundan boshqacha barcha tahoratlar noto'g'ri" deb aytgan emish. Mazhabsizlarning saytlaridan birida namozdagi takbiri tahrimada (boshlash takbirida) bosh barmoqlarini quloqlarning yumshoq joyiga tekkizish holati hanafiy mazhabining kitoblarida ham yo'qligini da'vo qilgan so'zlari e'lon qilindi. Ayniqsa keyingi paytlarda namoz borasidagi bahsli, chalkash va tortishuvli fikrlar ko'payib ketdi.
Turli yurtlarga ketgan mehnat muhojirlari o'rtasida ham mazhabimizdagi namoz kitoblari topilmayotgani, boshqa mazhablarning kitoblarini o'qib, turli tushunmovchiliklar, bahs-tortishuvlar ko'payayotgani haqida gap-so'zlar quloqqa chalina boshladi. Ana shuni e'tiborga olib, xorijiy yurtlarda yurgan vatandoshlarimiz uchun ona tilimizda hanafiy mazhabining namoz o'qish tartiblari haqida kichikroq suratli kitobcha tayyorlandi va Moskvadagi hamkor nashriyotimiz tomonidan o'zbek tilida chop qilindi. Bunday kitobga ehtiyoj katta bo'lgani uchun kitobning birinchi nashri tezda tarqalib ketdi va hozirda ikkinchi nashrga ham harakat qilinmoqda.
O'z Vatanimizdagi musulmonlarimiz orasida ham to'liq va engil uslubdagi namoz kitobiga ehtiyoj ortib borayotgani to'g'risida bizga ko'pchilik murojaat qila boshladi. Katta-kichik bilan maslahatlashib, mazhabimizga amal qiluvchilarga engillik tug'dirish va turli ixtiloflarga barham berish maqsadida hozirgi davrning talablariga javob beradigan, avvalda yo'l qo'yilgan kamchiliklari tuzatilgan, namozni to'kis ado etishga yordam beradigan mufassal bir kitobni nashrga tayyorlash maqsadga muvofiq deb topildi. Uni tayyorlashda kamina xodimingizning oldin bu mavzuda yozgan asarlarini jamlab, tartibga solish, kerakli qo'shimchalar kiritishga kelishildi. Bu ishlarni amalga oshirishni hurmatli Ahmadjon hoji akadan iltimos qilindi. Ushbu kitobni tasnif qilishda Shayx Ahmad Izzuddin ibn Iyso Bayanuniyning hanafiy mazhabida tahorat va namoz hukmlariga oid kitobidan ham bir qadar istifoda qilindi.
"Mo'minning me'roji" deb nomlangan ushbu kitobni siz, azizlarning e'tiboringizga taqdim etar ekanmiz, Alloh taolodan uni husni qabul qilishini va barakasini tilab qolamiz hamda uning barchamiz uchun manfaatli bo'lishidan umidvormiz.
Kamoli ehtirom ila,
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.
2013 yil 30 sentyabr, Toshkent.

