O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev kitobxonlarga juda ko'p hikoyalari, bir necha qissa va romanlari bilan yaxshi tanish. U o'zbek hikoyachilik san'atini Abdulla Qahhordan keyin yangi, yuqori bosqichga ko'tara olgan yozuvchilardan biridir. Uning asarlari milliyligi, turfa xarakterlarga boyligi, goho kutilmagan yechim bilan tugashi bilan ajralib turadi. Bu holat, ayniqsa, uning hikoyalarida yaqqol seziladi.. Mazkur «Hikoyalar xazinasi» rukni ostidagi «Kimsasiz hovli» to'plamidagi hikoyalar ham kitobxonni hayotning so'qmoqli yo'llariga boshlab kiradi, o'ylatadi, ranjitadi, quvontiradi, ularga turmush kechinmalarining turli qirralarini ko'rsatib beradi. Taqdim etilayotgan hikoyalarda o'sha davr ruhini saqlab qolish maqsadida shaharlar va ayrim atamalar nomi asliyatga asosan qoldirildi. Ushbu to'plam barcha yoshdagi kitobsevar o'quvchilarga mo'ljallangan bo'lib, ularning oilaviy kutubxonalarini yana bir ajoyib kitob bilan boyitadi, degan umiddamiz.

