Ma’lumki, xalqimiz qadimdan Alloh taoloning Kalomiga muhabbati benazir, Qur’on ahliga muxlis, uni o‘qib-o‘rganishga, yod olishga ishtiyoqmand eldir. Bu aziz xalq Robbining Kalomiga bo‘lgan iymoni, muhabbat va ishtiyoqi kamoli balandligidan hatto sho‘ro davrida ham Qur’oni Karimni kaftida cho‘g‘ tutgandek saqlab, Qur’onni o‘rganish va o‘rgatishni fidokorlik bilan davom ettirib keldi. Allohga hamdlar bo‘lsinkim, yurtimiz mustaqil bo‘lgandan buyon turli ilmiy sohalar qatori, Qur’on ta’limi ham taraqqiy etdi. Xalqimizda kun sayin Qur’oni Karimga bo‘lgan e’tibor oshgandan oshib bormoqda. Jumladan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining alohida «Tahfizul Qur’on» kafedrasi mavjud bo‘lib, u Qur’on hofizlarini tayyorlashga ixtisoslashgan.
O‘tgan yaqin yillarda yurtimizda Qur’on ilmlari, xususan, tajvid borasida ham bir qancha asarlar nashr qilindi. O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi har yili o‘z tasarrufidagi bilim yurtlari o‘rtasida Qur’on qiroati musobaqalari o‘tkazib keladi. Musobaqalarda sovrindor bo‘lgan qorilarimiz xalqaro Qur’on ko‘riklarida munosib qatnashib kelmoqdalar. Masjidlarimizdagi qori domlalarning qiroatlari, xususan, Ramazon oyidagi xatmlarning sifat va salmog‘i yil sayin o‘sib boryapti. Bularning barchasi har qanday musulmon kishini quvontiradi.
Bunday qur’onsevar halqning ushbu muqaddas Kitobni o‘qib-o‘rganishga, yod olishga intilishi tabiiy. Binobarin, ularning Qur’oni Karimni o‘qib-o‘rganish, yod olish yo‘llarini o‘rganishga, bu borada yetarli darajada yo‘llanma va tavsiyalarga ega bo‘lishga ham ehtiyojlari baland.
Kamina xodimangiz ham Alloh taoloning inoyati bilan Kalomullohni yod olish baxtiga erishganim, bu sohada ba’zi ilmlarni olishga muvaffaq bo‘lganim va bir necha yildan buyon Xadijai kubro nomidagi xotin-qizlar o‘rta maxsus o‘quv yurtida muallimalik qilib kelayotganim bois bu boradagi vaziyatdan xabarim bor. Kishilarimiz Qur’on ilmlari, ayniqsa uni yod olishga aloqador savollar bilan juda ko‘p murojaat qilishadi. «Qur’oni Karimni yodlashda nimalarga e’tibor berish kerak?», «Nima qilsam, zehnim quchli bo‘ladi?», «Qaysi uslubda yodlash oson?», «O‘xshash oyatlarni adashtirib yubormaslik uchun nima qilish kerak?» kabi qator savollar har qadamda uchraydi.
«Mufassal tajvid» nomli kitob nashrdan chiqqanidan keyin kamina xodimangizga ham bunday savollar sezilarli darajada ko‘paydi. Qur’on yodlash uslublari va o‘xshash oyatlar haqida yana bir kitob ta’lif qilish taklifi ham bo‘ldi. Ushbularni inobatga olgan holda, Allohning yordami bilan yana bir xayrli ishga qo‘l urdik.
Qo‘lingizdagi kitobda qanday qilib Qur’on hofizi bo‘lish haqida so‘z boradi.
Kitob olti bobdan iborat bo‘lib, birinchi bobda Qur’on haqida, uni yod olishning fazilatlari bayon qilinadi.
Ikkinchi bobda Qur’oni Karimga oid odoblar borasida so‘z yuritilsa, uchinchi bobda Qur’onni yodlash uslublari, zehnni ishga solish, unutishdan saqlanish, takrorlash kabi mavzular bilan tanishasiz.
To‘rtinchi bobdan Qur’oni Karimga oid ba’zi qiziqarli ma’lumotlar o‘rin olgan.
Beshinchi bobda esa Qur’onni yod olish va xatm qilishni osonlashtiruvchi ayrim jadvallar taqdim qilingan.
Ma’lumki, Qur’oni Karimda bir qancha mutashobih (o‘xshash) oyatlar bor. Ko‘pchilik qorilar ana shu o‘xshash oyatlarni yoddan tilovat qilganlarida adashtirib ham qo‘yadilar. Bunday o‘xshash oyatlarni yaxshi o‘zlashtirish, ularning farqlarini bilib, bir‑biridan ajratib olish alohida e’tibor talab qiladigan ilm bo‘lgani uchun so‘nggi oltinchi bobni mutashobih oyatlarga bag‘ishladik. Bu mavzuni bayon qilish uchun qadimgi va eng ishonchli manbalardan ikkitasi asos qilib olindi. Ular shayx Abul Hasan Aliy ibn Muhammad ibn Abdussomad ibn Attos Hamadoniyning «Hidoyatul murtab» kitobi hamda Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh Asbahoniyning «Durratut-tanzil va g‘urratut-ta’vil fil ayatil mutashabihati fi Kitabillahil Aziz» nomli asaridir.
Risola mustaqil o‘quvchilar hamda islomiy bilim yurtlar talabalari uchun mo‘ljallangan.
Qur’on hofizi bo‘lishga kirishgan har bir kishi uchun ushbu kitobdan foydalanish, undagi tavsiyalarga amal qilish ulkan natijalarga sabab bo‘ladi, inshaalloh.
Alloh taolodan yolvorib so‘raymizki, jonajon yurtimizga Islom olamiga buyuk Qur’on hofizlarini qiyomatga qadar taqdim qilib borish baxtini nasib etsin, qorilarimiz soni va sifati kun sayin oshib boraversin, bizlarni O‘z Kalomining xizmatiga muvaffaq aylasin, sa’y-harakatlarimizning barchasi O‘zining roziligi uchun bo‘lsin!
Mundarija
So‘z boshi
Birinchi bob. Eng ulug‘ fazilat
Ikkinchi bob. Hofizi Qur’on – go‘zal odob sohibi
Uchinchi bob. Hofizi Qur’onga zarur maslahatlar
To‘rtinchi bob. Qur’oni Karimga oid zarur ma’lumotlar
Beshinchi bob. Reja jadvallari
Oltinchi bob. Mutashobih (muvofiq) oyatlar\ Mutashobihning ta’rifi
«Hidayatul murtab»
Aliy ibn Muhammad ibn Abdussamad ibn Attos Hamadoniy
Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh Asbahoniy
Qur’oni Karimdagi mutashobih oyatlar
Xotima
Foydalanilgan adabiyotlar

