“Bahslarga vaqtimiz yo‘q, yechimlarga vaqtimiz bor”. Iqlim o‘zgarishi haqida nimalarni bilishimiz kerak?
Kundalik iqlim va iqlim shaharsozligi Iqlim o‘zgarishi haqidagi qizg‘in bahslarda ko‘pincha global masalalarga urg‘u beriladi — muzliklar erishi, yashillikning qisqarishi, suv muammolari, iqlim migrantlari kabi. Ammo iqlim o‘zgarishining ta’sirini kundalik hayotimizda, bizni o‘rab turgan muhitda, har kunlik mashg‘ulotlarimizda ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Toshkent ko‘chalarini to‘ldirib turgan, kun sayin yangilari ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan ko‘p qavatli uylarga e’tibor bersangiz, ularning o‘xshashligi faqat tashqi ko‘rinishida, umumiy uslub va dizaynida emas; derazalar biqinida joylashgan konditsioner tashqi bloklari ham baland qavatli binolar fasadining odatiy qismiga aylanib qoldi.
Konditsionerlar avvaldan ishlatilgan, albatta. Lekin yil sayin konditsionerlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. 2024-yilda konditsioner bozori 67,32 mlrd dollarni tashkil qilgan, 2025-yilda esa uning hajmi 6,4 foizga oshishi kutilmoqda. Bu, bir tomondan, aholining moliyaviy imkoniyatlari oshib borayotganini ko‘rsatadi; boshqa tomondan esa, havo isib borayotganidan ham dalolat beradi.
Iqlim o‘zgarishi bizning fe’l-atvorimizga, mashg‘ulotlarimizga ta’sir qiladi: issiq paytlarda dam olishni, salqin paytlari ko‘cha kezishni odat qilib boramiz. Shaharlarning qiyofasidagi o‘zgarishlar konditsionerlar bilan cheklanmaydi — pana makonlar bunyod etiladi, yopiq piyoda yo‘llar paydo bo‘ladi, bog‘lar ko‘payadi. Xullas, iqlim o‘zgarishi allaqachon hayotimizga ta’sir o‘tkazmoqda, hayotimizni bu ta’sirga moslashtirib bormoqdamiz.
Jozef Rommning “Climate Change: What Everyone Needs to Know” (“Iqlim o‘zgarishi: har kim uchun zaruriy bilim”) kitobi ana shunday jihatlarga e’tibor qaratadi: muallif iqlim o‘zgarishi muzliklar erishi, hayvonlar migratsiyasi, suv taqchilligi bo‘libgina qolmay, xulq-atvorimiz, ehtiyojlarimiz, imkoniyatlarimizda har kuni aks etishini ta’kidlaydi.
Muallif haqida Jozef Romm amerikalik fizik olim va iqlim tadqiqotchisidir. Massachusets texnologik institutida fizik okeanografiya bo‘yicha doktorlik ishini yoqlagan. Lekin u ko‘proq ilmiy-ommabop kitob va maqolalar muallifi, bloger hamda iqlim o‘zgarishi advokatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi jamoat faoli sifatida mashhur. Romm turli shoulardagi chiqishlari, issiqxona gazlari chiqarilishi borasidagi maqolalari bilan tanilgan.
Kitob nega kerak? Iqlim o‘zgarishi fakt o‘laroq kundalik hayotimizga kirib kelgan ekan, u haqda yetarli bilimga ega bo‘lishimiz yashashimizni osonlashtiradi. Issiqqa qanday moslashish kerak, global o‘zgarishlarni sekinlashtirish uchun nima qila olamiz — sayyoraning qaysi burchagida yashamang, bu savollarga javoblarni bilishingiz kerak.
Uch asosiy g‘oya
Savol-javob kitobi yoxud biz ko‘p go‘sht yeyapmiz Kitob savol-javob tarzida tuzilgan bo‘lib, undagi har bir bob bitta konkret savolga javob beradi. Masalan, iqlim va ob-havoning farqi, insonning ta’siri va biz nima qila olishimiz haqida. Muallif qizil go‘sht iste’molini kamaytirishni maslahat beradi, negaki chorvachilik metan gazining eng katta manbalaridan biri hisoblanadi.
Miflarga qarshi kurash Romm iqlim o‘zgarishi haqidagi yolg‘on ma’lumotlarga javob beradi. “Tarixan iqlim doim o‘zgarib turgan” degan gapga qarshi u: “bu qadar tez va inson aybi bilan o‘zgarmagan”, deb ta’kidlaydi. “Yashil energetika qimmat”, deganlarga esa texnologiyalar arzonlashayotganini va bugungi harakatsizlik ertaga qimmatga tushishini uqtiradi.
Rejali harakat sayyorani qutqaradi “Iqlim o‘zgarishi” ortiqcha pafossiz yozilgan. Muallif vahima ko‘tarish o‘rniga, hali yechimlar borligini aytadi, ammo imkoniyatlar eshigi yopilib borayotganidan ogohlantiradi. Kitob o‘quvchini kichik bo‘lsa-da, aniq qadamlar tashlashga ruhlantiradi.

