Jaziramadagi odamlar
📌 Muallif: Luqmon Bo'rixon
📌 Til: O‘zbekcha
📌 Yozuv: Lotincha
📌 Sahifalar soni: 384
📌 Muqova turi: Yumshoq
📌 Qisqacha mazmun:
Asarda 41-shirkat aholisi bo‘lmish cho‘lquvarlarning gohi sururli, gohi alamli, jo‘shqin voqea-hodisalarga to‘la hayoti aks etadi. Ko‘kalamzor qishloqlaridan cho‘lni obod qilish maqsadida kelgan qishloq odamlarining cho‘lga moslashishi og‘ir kechadi.
Asar Samad ismli yigitcha tilidan hikoya qilinadi. Bola atrofidagi ko‘plab insonlarning xarakteri va yashash tarzlarini kinoyalar orqali ochib berishga urinadi. Asarda yumor, piching, kinoya yetakchilik qiladi.
Kitobxon 41-shirkat odamlarini umumiy tarzda sodda, go‘l, zamondan biroz ortda degan tushunchalarga borishi mumkin. Ammo ularning o‘ziga yarasha ayyorligini, quvligini, riyokorliklarini hikoyachining kinoyalaridan anglab olishimiz mumkin.
Samadning yon qo‘shnisi bo‘lmish O‘roqvoy shaharda o‘qirdi va u kutilmaganda Lolaxon ismli shaharlik qizni bir kun ichida to‘y qilib olib keladi. Samad bolalik muhabbati bilan Lolaxonga bog‘lanib qoladi va unda ayolga nisbatan beg‘ubor sevgi paydo bo‘ladi.
Lolaxon va O‘roq bitta farzandli bo‘lgach O‘roqvoyni harbiy xizmatga chaqirtirishadi. Afsuski, ko‘p o‘tmay uning jasadi temir sandiqda keladi. Qisqa muddat ichida qishloq aholisi O‘roqni qahramon hisoblab haykalini o‘rnatishadi va Lolaxonni uning bevasi sifatida sadoqat timsoliga aylantirishadi.
Bid’at va xurofotlarga mukkasidan ketgan odamlar endi kimning to‘yi bo‘lsa, kelin va kuyov O‘roqvoyning haykali poyiga gul qo‘yib, haykal yonida turgan Lolaxonni tavof qilish odatini o‘ylab topishadi.
O‘roqning ukasi Ashur asarda ko‘zbo‘yamachi, qayerda janjal bo‘lsa hozir-u nozir, umuman olganda, qishloqning old yigiti etib tasvirlanadi.
Bir kuni qishloqda to‘y bo‘ladi. Butun qishloq aholisi to‘yga boradi. Ammo Lolaxon beva ekani va o‘zini endi to‘ylarda ko‘rish boshqalarga erish tuyulib qolgani sabab uyida qoladi. Shu payt Samad ham o‘rtog‘i Durbek bilan isiriq uchun uyidagi molxonaga kirishadi. Ular Lolaxonning kim bilandir erkalanib shivirlashayotganini eshitib qolishadi. Durbek Samadning hay-haylashiga-da qaramay to‘yxona tomonga yuguradi. Yo‘lda Ashur o‘rtoqlari bilan mast holatda kelayotgandi.
Durbek suyunchi olishga shoshilgan boladek yugurib Ashurga hammasini aytib beradi. Odamlarning ko‘zi uchun botirlik ko‘rsatishga o‘rgangan Ashur bora solib Lolaxonning qorniga beshlik sanchiydi. Muhabbatining yerda chorasizlarcha to‘lg‘anayotganini ko‘rgan Samad shokka tushadi va shu bilan uch kundan so‘ng ko‘zini ochadi. Ammo katta bo‘lib, talabaga aylanadi hamki Lolaning tirik qolgan yoki o‘lganligini bilolmay izlab yashaydi...

