Aleksandr Isayevich Soljenitsinning asarlari nafaqat rus, balki jahon adabiyotining noyob durdonalari sifatida e’tirof etilgan. Adibga adabiyot bo‘yicha nufuzli Nobel mukofoti berilishi bejiz emas. Muallifning qaysi asarini o‘qimang, u hikoya, qissa yoki roman bo‘ladimi, mutolaa jarayonida hayrat ummoniga g‘arq bo‘lganingizni, uning qahramonlari bilan uyg‘unlashganingizni sezmay qolasiz. Darhaqiqat, yozuvchi asarlari qanchalik murakkab bo‘lmasin, muallif go‘zallikni soddalikda, samimiylikda, insoniylikda ko‘radi, inson erkinligi va qadr-qimmatini, adolatni, shaxslararo munosabatlarni, iymon-e’tiqodni, ezgulikni tarannum etadi.

