Mo‘minjon xorijda jangarilar to‘daboshisi Ergashning buyrug‘i bilan yetimxonadan 10 yoshli qizni asrab oldi. Qizni "tarbiyalab" qulog‘iga haqiqiy muslima qiz, ayollar qanday bo‘lishini quydi. Lekin bu qiz viloyat rahbarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari yig‘ilgan bayram kechasida belidagi ingichka simni tortib, o‘zini portlatishi kerakligini qaydan bilsin?
O‘zbekiston huquq-tartibot organlari xodimlarining o‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Turkiya, Rossiya va boshqa mamlakatlar hududlarida faoliyat olib borgan terrorchi guruhlarga qarshi olib borgan kurashi aks etgan. Ergash, Qambar, mulla Umar kabi jinoiy to‘dalarni boshqarayotgan kimsalarning manfur maqsadlari yo‘lida hech narsadan tap tortmasliklari o‘quvchida ularga nisbatan cheksiz nafrat tuyg‘usini uyg‘otadi. Vatanning har qarich yeri naqadar buyuk ekanligini, Vatanga xiyonat aslida o‘zligingga xiyonat ekanligini teranroq his qilasan.

