Ahli sunna val jamoa mazhabiga mansub olimlar ham, qavmlar ham qadimdan nihoyatda kamtar bo‘lganlar. Maqtanishni ham, boshqalarni maqtashni ham o‘zlariga uncha ep ko‘rmaganlar. Shuning uchun ham hozirda ba’zi bemazhablarning o‘z amallari bilan maqtanishi va o‘zlaricha «olim» deb bilgan uch-to‘rt kishini osmonga ko‘tarib maqtashlari mazkur haqiqatni bilganlar uchun juda ham erish tuyuladi. Ammo bu sirlardan bexabar kishilarni aldab qo‘yishi ham mumkin. Shuning uchun ham hozirda mazkur soxta maqtovlarni ko‘pchilik tushunmasligi va ularga aldanib qolish holatlari kuzatilmoqda. Xuddi bemazhablarning «imom»lari va «alloma»lari bor-u, ahli sunna val jamoaniki yo‘qdek. Aslida esa unday emas. Aslida musulmon ummatining haqiqiy imomlari va allomalari ahli sunna val jamoadan bo‘lgan va bo‘lib kelmoqda. Ana shu haqiqatni musulmonlar ommasiga anglatib turish maqsadida Islom.uz internet portalida alohida bo‘lim ochib, unda ahli sunnadan bo‘lgan zamonamizning ko‘zga ko‘ringan olimlari haqida ma’lumotlar berib borilayotgan edi.

