Taniqli adib Isajon Sultonning “Genetik” romani – elning olis-yaqin qishloqlaridan birida tug‘ilib o‘sgan, zamonaviy ilm yordamida o‘z xalqining teran ildizlariga razm solgan yigitchaning o‘y-fikrlaridan hikoya qiladi.Shuningdek, to‘plamdan yozuvchining “Ozod” romani va yangi hikoyalari ham o‘rin olgan.
Murakkab kompozitsiyaga va qadim milliy anʼanalarimizning yangicha talqiniga bag‘ishlangan “Ozod” asari voyaga yetib kelayotgan bir o‘spirinning maʼno va hikmat dunyolariga qadam qo‘yishi, o‘zligini anglab yetishi, shuningdek, butun olam, agar inson qiymat bermasa hechligi va dunyodagi har bir narsa inson beradigan qiymatga zor ekanligi haqidadir. Butun olam, tevarak-atrofdagi voqealar va hodisalar Ozodni taniydilar va uning o‘z maqsadiga – baxt-saodat lolasiga hamda Humo qushiga qadar yetib borishini qattiq istaydilar. Kamolot darajalari sari ilgarilab borayotgan Ozod tevaragidagi kishilarning, jonzotlarning, voqea va hodisalarning barchasi o‘sha maqsad yo‘lidagi ramziy ishoratlar ekanini seza boradi va Lolaning ham, Humo qushining ham aslida o‘zi tufayli qadru qimmat topishini anglab yetgani mohirona tasvirlanadi.

