Koʻzmunchoq! Tilimizda shunday samimiy soʻz bor. Ota-bobolarimizning koʻzga yaqin, kelishgan farzand-u nabiralariga qarata aytiladigan “Koʻz tegmasin” iborasini koʻp eshitganmiz. Ehtimol, shu soʻzdan ilhomlanib Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ham kitoblaridan birini “Soʻzmunchoq” deb nomlagandir.
Adabiyotimizda ham ana shunday oʻsib kelayotgan koʻrkam nihollarning boʻqqa aylangulik boʻyi bor. Bu bogʻlarning hosili moʻl boʻlishini niyat qilib, bir turkum kitoblarni “Soʻzmunchoq” rukni ostida nashr etishni reja qildik.
Iroda Umarovaning yozganlari samimiyligi, rostligi bilan dilga yaqin. Sheʼrlarida turfa gullarning iforini tuygandek boʻlasiz, u xoh oʻzi aytmoqchi, sabrguli boʻlsin, xoh tikanli atirgul. Iroda ana shunday koʻnglini gulga oʻrab kelayotgan yoshlardan. Ayniqsa, ota yurt, ona tuproqqa boʻlgan mehrning tafti sizni Qarashning soʻlim bogʻlariga, sohir soʻqmoqlariga eltadi. Shu bois, oʻqib yodingizda qolsa, qalbingizga bir qatra nur kirsa, buni shoiraning ulgʻayib borayotgan sheʼrlaridan deb biling.

