• ISBN: 978-9943-5774-2-8
• G‘oya muallifi: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
• Muallif: Muhammad Ayyub Homidov, Obid Mirhamidov, Abdulaziz Usmonov, Akmal Mirhamidov
• Nashriyot: «Hilol-Nashr» nashriyot-matbaasi
• Hajmi: 360 bet
• O‘lchami: 13.5x21.0 sm
• Muqovasi: qattiq
• Alifbosi: kirill
• Tili: o‘zbek
«Imom A’zam»
(Hanafiy mazhabining asoschisi Nu’mon ibn Sobit rahmatullohi alayh)
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
«Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar», deb marhamat qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!
«Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deb olimlarning darajasini bildirib ketgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Allohning salavotu salomlari bo‘lsin!
Dinni yetkazishdek og‘ir mas’uliyatni chiroyli ado qilgan olim sahobalardan Alloh rozi bo‘lsin.
Ma’lumki, yurtimizda o‘n ikki asrdan buyon ibodatlar hanafiy mazhabi asosida ado etib kelinadi. Hanafiy mazhabining yurtimizga kirib kelish tarixi hijriy 150-217 sanalarda yashab o‘tgan Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayh bilan bog‘liqdir. U kishi imom Muhammad rahmatullohi alayhdan hanafiy fiqhini o‘rganib, Buxoroga kelganlarida mana shu mazhab bo‘yicha ta’lim berdilar. Natijada ushbu fiqhiy yo‘nalish yurtimizda rasmiy ibodat qilinadigan mazhabga aylandi. Movarounnahrda hukmronlik qilgan necha-necha xonlar, podshohlar va ularning fuqarolari aynan hanafiy mazhabi asosida ibodat qilib kelishgan.
So‘nggi paytlarda hanafiy mazhabini qoralab, Abu Hanifa rahmatullohi alayhga tosh otuvchi kimsalar paydo bo‘lib qolishdi. Ming afsuski, avom xalq ularning bu fitnasiga uchib, Abu Hanifadek buyuk tobe’inni «U hadislarni tashlab, hukmlarni o‘z ra’yi bilan chiqargan», deb qoralab yurishibdi.
Arab tilida Abu Hanifa rahmatullohi alayh haqlarida yozilgan kitoblar juda ko‘p. Bu kitoblarda u zotga nisbatan bildirilgan noto‘g‘ri fikrlarning barchasiga ilmiy uslubda raddiyalar berilgan.
Allohga hamdlar bo‘lsinki, bizda ham Abu Hanifa rahmatullohi alayh haqlarida o‘zbek tilida yozilgan kitoblar bor. Lekin ba’zi g‘alamislarning Abu Hanifa rahmatullohi alayh haqlarida aytgan uydirma va asossiz gaplariga ilmiy raddiya berib, asl haqiqatni yoritib beradigan kitob hanuzgacha yozilmadi.
Ilmiy suhbatlarimizning birida Abu Hanifa rahmatullohi alayh haqlarida bildirilgan salbiy fikrlarga ilmiy uslubda raddiya beradigan kitob yo‘qligini va xalqimizning shunday kitobga katta ehtiyoji borligini aytib o‘tgan edim. Bu fikrim ba’zi azizlarimizga ma’qul kelib, bir kuni qabulimga kelishdi. Ular aynan men aytgan mavzuda kitob yozish niyatida ekanlarini bildirib, «Bu ishda o‘zingiz bosh-qosh bo‘lib, bizlarga yo‘llanma berib, asosan qaysi mavzularga urg‘u berish kerakligini, kitobni yozishda qanday adabiyotlardan foydalanishimizni aytsangiz», deyishdi. Men bundan juda xursand bo‘ldim. Ular bilan ushbu kitobni birgalikda, bahamjihat yozishga kelishdik. Haqlariga duo qilib, kerakli manbalarni berdim.
Allohga hamdlar bo‘lsinki, boshlagan ishimiz nihoyasiga yetib, bu azizlar Qurbon hayitida ushbu kitobni tugallab, huzurimga olib kelishdi. Kitobni Ayyubxon domlaga berib, tahrir qildirish lozimligini aytdim. Mana, bir necha tahrir va tuzatishlar kiritganimizdan so‘ng siz azizlarga ushbu kitobni taqdim qilyapmiz. Uni o‘qigach, turli-tuman asossiz gaplarga ishonib, Abu Hanifa rahmatullohi alayh haqlarida noto‘g‘ri fikrda yurganlar o‘z fikrlaridan qaytishlarini va aslida haqiqat nimada ekanini bilib, ulug‘ zotlar haqida yaxshi gumonda bo‘lishlarini Allohdan umid qilib qolamiz.
Alloh barchalarimizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishini va ulamolarni hurmat qilib, ularning izlaridan borishimizni nasib aylasin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Toshkent, 2014 yil 5 oktyabr

