«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus Islom bilim yurti o‘qituvchisi G‘iyosiddin Baratov tomonidan nashrga tayyorlangan Sayyid Muhammad Hasaniyning «Muhammad sollallohu alayhi vasallam – ikki olam sarvari» asarining tarjimasiga
Yurtimiz istiqlolga erishgach, xalqimiz asrlar osha e’tiqod qilib kelayotgan muqaddas Islom dini borasida Vatanimiz va jahon ulamolari tomonidan ta’lif etilgan asarlarni har tomonlama ilmiy o‘rganish, tadqiq etish va xalqimizga sof holda yetkazishga keng yo‘l ochildi. Ayniqsa so‘nggi yillarda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayot yo‘llarini, siyratlarini, hadisi shariflarini o‘rganishga va ular asosida barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan ko‘plab asarlar yozilib, tarjima etilayotgani quvonarli holdir. Ana shunday asarlardan biri Sayyid Muhammad Hasaniyning «Muhammad sollallohu alayhi vasallam – ikki olam sarvari» asaridir.
Mazkur asarda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning xilqatlari, yuksak axloqiy va ma’naviy fazilatlari, shu bilan bir qatorda, u zot alayhissalomning o‘z hayot yo‘llarida bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, asl Islom dinining mohiyati hisoblanadigan insonparvarlik tamoyillarini ko‘rsatib berishda barchaga namuna bo‘lganliklari oyat va hadislar vositasida tushunarli tarzda bayon qilib berilgan. Hadislar manbai aniq ko‘rsatilgan. Zarur o‘rinlarda kerakli izohlar berib borilgan.

