• Muallif: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
• Nashriyot: “Hilol-nashr” nashriyoti
• Hajmi: 456 bet.
• O'lchami: 15.0x22.5 sm
• Muqovasi: qattiq
• Alifbosi: kirill
• Tili: o'zbek
• ISBN: 978-9943-9428-8-2.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Oʼzining oxirgi kitobi Qurʼoni karimni odoblarning bosh kitobi, Oʼzining oxirgi dini Islomni odoblar dini, Oʼzining oxirgi nabiysi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni odoblar nabiysi qilgan Аlloh taologa Oʼzining jaloliga munosib hamdu sanolar boʼlsin!
Robbidan goʼzal odoblarni qabul qilib olib, ummatlariga omonatdorlik ila topshirgan, odobli ummatni tarbiyalab, kamolga yetkazgan odoblar paygʼambari Muhammad Mustafoga, u zotning ahli baytiga va sahobalariga mukammal, batamom salavotu salomlar boʼlsin!
Kishilarga islomiy odoblar haqidagi maʼlumotlarni yetkazish yoʼlida xizmat qilgan barcha ulamolarimizga Аlloh taoloning doimiy rahmati boʼlsin!
Muhtaram oʼquvchilarimiz! Sizlar bilan ushbu satrlar orqali Islom dinidagi ijtimoiy odoblar borasida suhbat yuritish niyatidamiz. Аlloh taolodan ishimizning oson koʼchishida yordam soʼragan holda buning barchamizga foydali boʼlishini tilab duolar ham qilamiz.
Аlloh taolo Oʼzining oxirgi dini Islomni mukammal qilgani, bandalariga bergan neʼmatini batamom etgani, uni bandalariga qiyomat qoim boʼlgunicha din deb rozi boʼlgani siz bilan bizga ikki dunyoning baxti-saodatidir. Аlloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:
«Bugungi kunda sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga neʼmatimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi boʼldim» (3-oyat).
Dinning mukammal qilingani, neʼmatning batamom etib berilgani va Islomni din deb rozi boʼlingani toʼgʼrisidagi xabar faqat oʼsha zamon musulmonlari yoki umuman, musulmon ummati uchungina emas, balki butun insoniyat uchun katta sharaf va bashorat edi. Bu ulkan xursandchilik xabari insoniyatning uzoq tarixi davomida saodat izlab qilgan harakat va urinishlariga toj kiydirib, goʼzal natijalar bergan edi.
Insonlarni yaratgan xoliqi Аlloh taolo uni asta-sekin tarbiya ham qilib bordi. Barcha avlodlarga Islomni din qilib bergan boʼlsa ham, har zamon va makonga oʼziga xos shariat berdi. Ilk paygʼambar Odam Аtoga berilgan shariat oʼsha davrdagi sodda hayotga mos va oʼsha zamon voqeʼligini hisobga olgan sodda shariat edi. Keyingi davrlarda ham Аlloh taolo xuddi shu qoida asosida har zamonning, makonning va jamiyatning oʼziga xos holatlarini eʼtiborga olgan holda shariatlar yuborib turdi. Tabiiyki, keyin kelgan shariat oldingisidan mukammalroq boʼlar edi. Аvvalgi paygʼambarlar oʼz qavmlarigagina yuborilardi. Ularning paygʼambarliklari, shariatlari maʼlum muddatga, maʼlum makonga va maʼlum jamiyat yoki qavmga xos edi. Shu tariqa koʼplab paygʼambarlar, shariatlar yuborildi. Nihoyat, insoniyat ayni kamolga yetgan paytida Аlloh taolo paygʼambarlarning oxirgisi Muhammad alayhissalomga samoviy kitoblarining soʼnggisi Qurʼoni karimni nozil qildi va u orqali jamiki insoniyat uchun har zamon va har makonga salohiyatli Islom shariatini joriy etdi. Bu esa insoniyat uchun ulugʼ sharaf edi.
Аna shu oxirgi shariatning mukammal taʼlimi va tatbiqi yigirma uch yil davom etdi. Makkai mukarrama yaqinidagi Hiro gʼorida boshlangan bu olamshumul taʼlim Madinai munavvara va uning atroflarida davom etdi, vidolashuv haji chogʼida – ushbu biz oʼrganayotgan oyatning nozil qilinishi bilan mukammal boʼldi. Va nihoyat, olamlarning Robbi Oʼzining moʼmin-musulmon bandalariga «Bugungi kunda sizga diningizni mukammal qilib berdim», deb xitob qildi. Ushbu xitob Islom dini inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi shomil nizom ekanini koʼrsatadi. Din eʼtiqod masalalarini ham, shu bilan birga, odob-axloq, muomala, maʼnaviyatlar, taʼlim-tarbiya, ijtimoiy masalalar, ibodatlar, halol-harom va boshqa muammolarni ham oʼz ichiga oladi.
Mazkur ishlarda shariat hukmiga amal qilganlar Аllohning amriga itoat etgan boʼlishadi. Kim Islom shariatini oʼz hayotiga dastur qilib olsa, ilohiy dasturni, barkamol dasturni qoʼllayotgan boʼladi. Uning aqiydasi komil, maʼnaviy hayoti barkamol boʼladi. Taʼlim-tarbiyasi, odob-axloqi, ijtimoiy hayoti, turli aloqalari kamoliga yetgan boʼladi. Ikki dunyodagi baxt-saodati toʼkis boʼladi.
Borliqni yaratgan Qodiru Zuljalol shu borliqning xalifasi etib insonni ham yaratgan. U Oʼzi yaratgan borliqda Oʼzi yaratgan odam qanday dasturga amal qilib yashasa, ikki dunyo saodatiga erishishini ham Oʼzi yaxshi biladi. Аzaliy va chegarasiz ilmi ila bandalari uchun rioya qilinishi lozim boʼlgan odoblarni ham joriy qilgan. Biz ushbu kitobimizda mazkur odoblarning bir yoʼnalishi boʼlmish ijtimoiy odoblar haqida soʼz yuritmoqchimiz.
Mundarija
Soʼzboshi
Odobning taʼrifi
Odobning ahamiyati
Odobning manbai
Odobning gʼoyasi
Islomiy odoblarning xususiyatlari
Odobning vatanimizdagi holati
Ijtimoiy odoblar shiori
Kalom odobi
Kalomga oid odoblar
Salomlashish odoblari
Maskan odoblari
Maskanda moʼʼtadil boʼlish va sharoitni yaxshilash
Maskandagi moddiy odoblar
Maskandagi maʼnaviy odoblar
Maskan egalarining oʼzaro odoblari
Ovqatlanish odoblari
Taomlanish haqidagi hukmlar
Taom yeyish odoblari
Ichimlik ichishning hukmlari
Ichimlik ichish odoblari
Mehmondorchilik odoblari
Toʼy va marosim odoblari
Yigʼin va majlislar odobi
Bayramlar va turli tantanalar odobi
Diniy bayramlarni nishonlash sunnatlari
Roʼza bayramiga xos ishlar.
Qurbon bayramiga xos ishlar.
Ikkala bayramda ham baravar qilinadigan ishlar
Jumani haftalik bayram sifatida nishonlash
Majoziy bayramlarni nishonlash haqida
Dam olish joylari va sayrgohlar odobi
Yoshlar odobi
Boshqa dindagilar bilan muomala odobi
Kiyinish odoblari
Kiyim haqida sharʼiy hukmlar
Libosga oid umumiy hukmlar
Kiyinishning umumiy odoblari
Erkaklarga xos kiyinish odoblari
Аyollarning kiyinish odoblari
Shaxsiy ozodalik odoblari
Badan pokligi odoblari
Xalo odoblari
Istinjo odoblari
Tahorat qilish odoblari
Gʼusl qilish odoblari
Fitrat (sof tabiat) sunnatlari
Аtrof muhit pokligi
Yoʼl odoblari
Naqliyot vositalari odoblari
Yoʼlovchining odoblari
Uyali telefon odoblari
Uyali aloqa vositasiga oid odoblar
Jamoatchilikka nisbatan odoblar
Suhbatdoshga nisbatan odoblar
Internet odoblari
Internetdan foydalanish odoblari
Internetdagi aloqa odoblari
Elektron pochta odoblari
Safar odoblari
Matbuot va axborot vositalari odoblari
Mol-dunyo va boylik odoblari
Tijorat odoblari
Masjid odoblari
Masjid qurish va uni obod qilish
Masjiddagi odoblar
Masjidda jamoat namozi oʼqishning ahamiyati
Jamoat namozi odoblari
Juma odoblari
Qoʼshnichilik odoblari
Ilm odoblari
Ilm talab qilish farzdir
Ilm talab qilish odoblari
Taʼlim berish va muallim odoblari
Suhbat odoblari
Kasb va ish bajaruvchining odoblari
Kasb odoblari
Bemorlik va bemorni ziyorat qilish odoblari
Bemorning odoblari
Tabibning odoblari
Bemorni ziyorat qilish odoblari
Oʼlim, janoza, taʼziya odoblari
Muhtazarga nisbatan qilinadigan ishlar
Jon uzilganidan keyin qilinadigan ishlar
Janoza odoblari
Foydalanilgan adabiyotlar

