Alloh taoloning kalomi Qur’on va janobi Rasululloh Sollallohu alayhi va sallamning so‘zlari, sunnatlari va hadislari insoniyat uchun go‘yo doridir. Bizlarga bu dori hadislarni yetkazgan muqaddas olimlar dorixona egalaridir. Ular dorilarni ko‘rsatib, kitoblarga bitib qo‘yganlar. Eng ulug‘, eng shifobahsh bo‘lgan o‘sha dorini o‘z o‘rnida ishlata bilish har kim ham uddalayveradigan oson ish emas. Ma’lumki, inson hastalansa garchi savodxon bo‘lsa ham, dorixonadan o‘zi dori tanlay olmaydi va tabibga murojaat qiladi. Shuning uchun ham bizlar agar hadislarni dorilar deb bilsak, mazhab imomlarini dorishunos tabiblar deb bilamiz. Siz bilan biz o‘sha tabiblarni gaplariga quloq solsak, doridan to‘g‘ri foydalana olamiz. Mazhab bizning najotga borishimiz, oxirat diyorida ham baxtli bo‘lishimiz uchun bir yo‘ldir inshaalloh.

