Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub «Hadis va Hayot» turkumining «Poklik» deb nomlangan 4-juzi savdoga chiqarildi.
«Hadis va Hayot» silsilasining dastlabki juzlari chop etilishi bilan kitobsevarlarning sevimli asariga aylanib, ko‘plab muxlislarning javonlaridan, mo‘min-musulmonlarning qalbidan chuqur va munosib o‘rin oldi.
Endilikda mazkur silsila tarkibiga kiruvchi kitoblar qaytadan nashr qilina boshlandi. Ushbu juzlarda dastlabki nashrlarda yo‘l qo‘yilgan ba’zi xato va kamchiliklar bartaraf etilib, ilmiy ma’lumotlar tahqiq qilingan bo‘lib, bu mazkur nodir asar saviyasining yanada yuqoriroq bo‘lishini ta’minladi.
Ushbu juzda Alloh taoloning tavfiqi ila poklikning fazilatlari haqida to‘xtalib, dinimizda poklik qanchalar fazilatli narsaga aylanganini anglab yetishga harakat qilamiz. Poklikning fazli bu dunyo bilan chegaralanib qolmaydi. U oxiratimizni obod etish uchun ham asqotadi, albatta.
Bu kitob orqali Tahorat odoblari, xalo odoblari, suvlarning qay biri pok, qay biri nopok bo‘lishini o‘rganamiz. Tahorat va g‘usl qilish uchun ishlatsa bo‘ladigan va bo‘lmaydigan suvlarni farqlashni o‘rganamiz. Nopok suvlarni poklash mumkinmi, yo‘qmi, uni ham bilib olamiz. Najosatni ketkazish uchun nima qilishimiz lozim kabi poklikka oid masalalar saralangan mo‘tabar hadislar orqali batafsil bayon etilgan.

