Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub «Hadis va Hayot» turkumining «Niyat, ixlos, ilm» deb nomlangan 3-juzi.
Ma’lumingizkim, «Hadis va Hayot» silsilasi mashhur alloma, Qohiradagi «al-Azhar» dorilfununi mudarrislaridan biri shayx Mansura Ali Nosif hazratlarining «At-toj al-jome’ lil-usul fii ahadiysur Rasul» («Rasul sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan asllarni jam qiluvchi toj») deb nomlangan ulkan asarlariga yozilgan komil va shomil sharhlardan iborat to‘plamdir.
«Hadis va Hayot» silsilasining dastlabki juzlari chop etilishi bilan kitobsevarlarning sevimli asariga aylanib, ko‘plab muxlislarning javonlaridan, mo‘min-musulmonlarning qalbidan chuqur va munosib o‘rin oldi.
Endilikda mazkur silsila tarkibiga kiruvchi kitoblar qaytadan nashr qilina boshlandi. Ushbu juzlarda dastlabki nashrlarda yo‘l qo‘yilgan ba’zi xato va kamchiliklar bartaraf etilib, ilmiy ma’lumotlar tahqiq qilingan bo‘lib, bu mazkur nodir asar saviyasining yanada yuqoriroq bo‘lishini ta’minladi.
E’tiboringizga havola qilinayotgan «Hadis va Hayot» silsilasining bu uchinchi «Niyat, ixlos va ilm kitobi» aslida tasavvuf ilmiga oid mavzulardan hisoblanadi. Qalbga bog‘liq bu mavzuni doimo ahli tasavvuflar sharhlab kelganlar. Qolaversa, bu uch narsa bandaning katta-yu kichik amallarining qabul bo‘lishi uchun lozim-u lobud narsalar ekanligi har birimizga oydek ravshandir.

