«Hadis va Hayot»ning navbatdagi kitoblari «Fitnalar va Qiyomat alomatlari kitobi» hamda «Qiyomat, jannat va do‘zax kitobi» deb nomlanadi. Bu kitoblarda keladigan barcha masalalar aqoid ilmida «g‘aybiyot» deb nomlanadi. G‘aybiyot deganda bizdan g‘oyibda bo‘lgan, faqat ishonchli xabar bilangina ma’lum bo‘ladigan, shuning uchun qanday kelgan bo‘lsa, shunday iymon keltiriladigan narsalar tushuniladi. Bunday narsalarni bilish uchun ko‘z, aql va boshqa vositalar omil bo‘la olmaydi. Ularni ko‘rish, ushlash, eshitish yoki qaysidir a’zo bilan his qilish mumkin emas. Ular haqidagi ma’lumotlar bizga faqat Qur’oni Karim va hadisi shariflar orqali kelgan bo‘lib, ularga iymon keltirish har bir mo‘min-musulmon uchun zarurdir.
Ba’zilar «Bu borada kelgan xabarlar ichida mutavotir emaslari ham bor. E’tiqod masalalari ohod xabarlar bilan sobit bo‘lmaydi, deganlarga qanday javob beramiz?» deyishi ham mumkin.

