Zarbulmasal — maqol, matal va ramzli hikoya asosida yaratilgan taʼlimiy hikoyalar. Z.da muayyan hikoyalar tarkibida, ularning xulosasi sifatida matallar keltiriladi. Baʼzan masal, matallarning mazmuni asosida hikoyalar yaratiladi. Bunday hikoyalar koʻpincha pandnasihat maʼnosida boʻlib, maʼlum gʻoyani yoritish uchun xizmat qiladi. Z.da majoziy maʼno, kinoya, ramz yetakchi badiiy vosita sifatida qoʻllanadi. "Kalila va Dimna", "Marzbonnoma", "Sindbodnoma", "Qobusnoma" va Saʼdiy Sheroziyning "Guliston"i, Muhammad Ali Habaliyning "Jome uttamsil" asari Z.ga misol boʻladi. Gulxaniy va Rojiyning "Zarbulmasal" lari, Z.ning mukammal namunalari hisoblanadi.

