O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning she’rlarini yod olmagan, ijodiga qiziqmagan kishi bo‘lmasa kerak. Adabiyot ixlosmandlari tomonidan shoirning she’rlari doimo iliq kutib olingan, ijodi yuqori baholangan. Darhaqiqat, Erkin Vohidovning hayot yo‘li ham she’rlari singari go‘zal, mazmunga boy va salmoqli bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, shoir o‘zining sermazmun satrlarida, zalvorli dostonlarida hamon she’riyat shaydolarini xushnud etmoqda, ikkinchi umrini yashamoqda.
Mazkur to‘plam O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning munis rafiqasi Gulchehra Vohidovaning umr yo‘ldoshi bilan kechirgan yillari haqidagi samimiy, yorqin hamda yaqinlari, farzandlarining mehrga to‘liq xotiralarini qamrab olgan.
Umid qilamizki, “Qalbim ardog‘i” kitobi cheksiz muhabbat, sadoqat ramzi sifatida “Oybegim mening”, “Chorak asr hamnafas” kitoblari qatoridan o‘rin egallaydi.

