Aziz kitobxon!
Cho‘pon yigit Santyagoning sarguzashtlari, Kichkina Shahzodaning boshdan o‘tkazganlari, oqcharloq Jonatan Livingstonning ko‘rgan-kechirganlari yodingizdadir? Mana, qo‘lingizda yana bir o‘zni va o‘zgani anglash haqida g‘aroyib asar turibdi.
Kitob muallifi taniqli turk yozuvchisi Serdar O‘zkan, yosh bo‘lishiga qaramay, dunyo kitobxonlarining ko‘nglidan joy olib ulgurdi, desak, mubolag‘a bo‘lmas. Serdar O‘zkan millionlab nusxalarda nashr etilayotgan asarlarida madaniyatlar to‘qnashuviga urg‘u bersa-da, o‘z qahramonlariga inson o‘laroq yondashadi, turli mintaqa vakillarining farqli va o‘xshash jixatlarini har xil rakurslarda ko‘rsatadi, ularning iztiroblariyu tashvishlarini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlaydi.
"Turklarning Kichkina Shahzodasi" deb atalayotgan Serdar O‘zkanning aytishicha, uning ilk romani - “G‘oyib bo‘lgan atirgul" ning g‘oyasi Sharq odami uchun begona hisoblanmish "sehrli diyor" da o‘qib yurgan kezlarida paydo bo‘lgan ekan.
Mazkur asar kishining hayoliga ham kelmaydigan chuqur kechinmalar hamda nozik ruhiy tasvirlar ila, nafis afsona, teran hikmat va go‘zal ertak qorishiqlarida hikoya qilinadi. Kitob qalb amriga quloq solish va vahimayu xavotirlar changalidan xalos bo‘lish haqida. Ehtimolki, eng qiyin daqiqalarda ruhiy xotirjamlikka erishishingizda ko‘mak berishi mumkindir.
Garchi kitob jiddiy mavzuda bitilgan esa-da, tili shiraligi tufayli yengil, bir nafasda o‘qiladi. O‘zingizni qiynayotgan savollarga javob topish yo‘lida sizga hamroh bo‘la oladi. Buning uchun esa qalb sayohatiga yo‘l olishingiz lozim bo‘ladi. Zero, "Ichingizdagi ichingizdadir".
ISBN : 978-9943-8482-2-1
Qog‘oz formati : A5
Muqovasi : Yumshoq
Tarjimon : Munira Norova
Betlar soni : 192
Chop etilgan yili : 2022
Nashriyot : Factor Books
Yozuv : Kirillcha
Til : O'zbekcha

