• Frenk Herbert: Dyuna
"Dyuna" – ilmiy-fantastika janridagi eng buyuk epik asarlardan biri bo‘lib, 1965-yilda nashr etilgan. Roman muallifi amerikalik yozuvchi Frenk Herbert bo‘lib, asar birinchi "Nebula" mukofotiga sazovor bo‘lgan va dunyoning eng ko‘p sotilgan fantastik romanlari qatoridan o‘rin olgan.
Kitob sahro sayyorasi Arrakisda kechadi. Aynan shu sayyorada koinotdagi eng qimmat resurs – melanj topiladi. Ushbu noyob resurs tufayli Arrakis imperiyalar, xonadonlar va yashirin kuchlar kurashining markaziga aylanadi.
Asar o‘zbek tiliga tarjima qilingan va “Asaixiy Books” tomonidan chop etilgan. Tarjima ustida bir necha yil davomida sifatli nashr yaratish maqsadida ishlangan. Kitob hajmi 664 betni tashkil etadi. Kitob “Xalq banki” bilan hamkorlik doirasida nashr etildi.
Yosh Pol Atreydes – qudratli Atreydes xonadonining merosxo‘ri. Uning otasi, gersog Leto Atreydes, imperator tomonidan Arrakis sayyorasi hukmdori etib tayinlanadi. Bu tayinlov bir qarashda ulkan sharaf bo‘lsa-da, aslida o‘lik qopqondir. Arrakisni avvalgi hukmdorlar – Harkonnenlar xonadoni tark etishga majbur bo‘lgan, ammo ular bu sayyorani qaytarib olish va Atreydeslarni butunlay yo‘q qilish rejasini tuzgan.

