Bolalik haqida so‘z ketganda beixtiyor betakror shoir Sergey Yeseninning: “Bolalikdan ma’lum har odam, Bola boshdan degan gap, to‘g‘ri...” deya boshlanuvchi mashhur she’ri yodga tushadi.
Buyuklik hech qachon osmondan tushmagan. O‘zi hali chinakkam ko‘makka muhtoj, ammo olamga hayrat ila boqayotgan murg‘ak vujud bag‘rida o‘sadi, ulg‘ayadi. Keyinchalik buni odamlar e’tirof etadi.
Har bir insonning bolaligi, deylik oddiy etikdo‘z yoki novvoyning katta hayot sari tashlagan qadamlarining o‘zi ham alohida bir kitob. Ammo buyuk zotlarning bolaligi qanday o‘tgan, degan savol ham borki, u ko‘pchilikni – ota-onalarni ham, bolalarni ham, ularga saboq berayotgan ustozlarni ham birdek qiziqtiradi.
Taniqli shoir, jurnalist Faxriddin Sodiqning sa’y-harakati bilan yuqoridagi savolga javob o‘laroq “Buyuklarning bolaligi” nomli kitob dunyoga keldi.
Tuzuvchi va tarjimon Faxriddin Sodiq so‘zboshida shunday yozadi:
“Qadrli kitobxon, hurmatli kattalar!
Bu kitob orqali buyuklarning bolaligi, ularning ota-onasi kim va qanday odam bo‘lgani haqida bilib olasiz. Bu o‘zingiz uchun va farzandingiz tarbiyasi uchun – muhim. Buyuklarning bolaligidagi misollar orqali tarbiyada bolaga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish (yoki aksincha) lozimligi haqida o‘ylab qolasiz.
Bu kitob mutolaasi tufayli buyuklar bolaligida qanday bo‘lganini, shuningdek, ularning hayotiga oid muhim va qiziqarli ma’lumotlarni bilasiz, bu – farzandingizga nisbatan o‘zgacha e’tiboringiz uchun muhim.
Kitob kelajakdagi buyuklardan birini aynan siz tarbiyalab, voyaga yetkaza olishingiz mumkinligini sizga eslatadi...”.
Tanga ruhiy quvvat beradigan, yuksak parvozga qanot bo‘ladigan ushbu kitobni topib, albatta, o‘qing.

