«Ey farzand!» (yumshoq muqova)
RISOLA HAQIDA
«Ayyuhal valad» Islom olamida mashhur risola bo‘lib, ayniqsa tasavvuf ahli orasida uning dovrug‘i keng tarqalgan. Bu risola Imom G‘azzoliyning o‘z shogirdlaridan biriga bergan nasihat va irshodlaridan iboratdir. Bundan maqsad – nasihattalab shogirdlar uni o‘zi uchun hayotida dasturulamal va yo‘llanma qilib olishidir.
Risolada musulmon oilada farzand tarbiyasi uchun tavsiya qilingan eng to‘g‘ri yo‘llardan biri bayon qilingan. Shuningdek, har bir tolibi ilm o‘rganishi kerak bo‘lgan ilm turlari belgilab berilgan. Shu bilan birga, mudarris o‘zida kasb qilishi zarur bo‘lgan sifatlar aytib o‘tilgan, muallim va shogird orasidagi aloqa qanday bo‘lishi kerakligi ham keng izohlab berilgan.
Ushbu risolaning «Ayyuhal valadul muhib», «Ar-risalatul valadiya» va «Ayyuhal valad» kabi bir necha nomlari bor. Biz oxirgi nomni ixtiyor qildik, chunki mazkur risola yozilgan qo‘lyozmalarning aksarida shu nom kelgan.
«Ayyuhal valad» jumlasi «Ey farzand!» deb tarjima qilinadi. «Nima uchun shogirdga «farzand», deb murojaat qilinmoqda?» degan savolga javob shuki, shogird ustozga nisbatan farzand maqomidadir. Ustoz esa shogirdga nisbatan ota maqomidadir. Buni Imom G‘azzoliy o‘zining mashhur «Ihyou ulumiddin» asarida shunday tasdiqlaydi: «Muallimning birinchi vazifalaridan biri mutaallimlarga nisbatan shafqatli bo‘lish va ularni o‘z farzandidek ko‘rishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga ota farzandiga bo‘lgani kabiman», deganlar. Ba’zi rivoyatlarda: «Ota o‘rnida sizlarga ta’lim beraman», deganlar.
«Ey farzand!» risolasini bir qancha ulamolar, jumladan, shayx Aliy Muhyiddin Aliy Qoradog‘iy, shayx Muham-mad Xodimiy Abu Sa’id Muhammad ibn Mustafo ibn Usmon Husayniy, shayx Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Umar Rumiy va boshqalar tahqiq qilishgan. Biz esa tarjima uchun «Dorul-minhoj» izlanish va ilmiy tahqiqot markazining ilmiy hay’ati tomonidan tahqiq qilingan nusxasini tanladik.
Odinaxon Muhammad Sodiq
31.05.2018 yil

