«Tarixiy kitoblar dunyoni deyarli irratsional kuch bilan o‘z xohishiga ko‘ra o‘zgartirgan daho va uzoqni ko‘ra oladigan insonlar haqidagi hikoyalarga to‘la bo‘lsa-da, men tarixni har qadamda o‘z egosi bilan kurashgan, ommaning e'tiboridan qochgan va yuksak maqsadlarni tan olinish istagidan ustun qo‘ygan odamlar yaratishini angladim». — Muqaddimadan.
Ko‘pchiligimiz muvaffaqiyatli va mazmunli hayot yo‘lidagi asosiy to‘siq tashqi dunyo deb hisoblaymiz. Aslida esa eng katta dushman ichimizda — bu bizning egomiz. Faoliyatning boshida u o‘rganish va iste'dodlarni rivojlantirishga xalaqit beradi. Muvaffaqiyatga erishilganda esa xatolarni yashirib, kelajakdagi muammolarga zamin yaratadi. Muvaffaqiyatsizlikka uchraganda esa har bir zarbani yanada og‘irlashtirib, tiklanishni qiyinlashtiradi. Hayotning har bir bosqichida ego bizni ortga tortadi.
«Ego — dushman» kitobida adabiyot, falsafa va tarixdan olingan ko‘plab hikoyalar hamda misollar keltirilgan. Unda Jorj Marshall, Jeki Robinson, Ketrin Grem, Bill Belichik va Eleonora Ruzvelt kabi buyuk shaxslar bilan tanishasiz. Ular o‘z egolarini yenga olganlari sababli yuksak muvaffaqiyat va ta'sirga erishgan. Ularning strategiya va yondashuvlari biz uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar, realiti-shoular va o‘zini haddan tashqari targ‘ib qilish odati keng tarqalgan bugungi davrda ego bilan kurashish har qachongidan ham muhim. Muallifning ta'kidlashicha, ushbu kitob saboqlarini o‘zlashtirsangiz, «o‘zingizni boshqalardan ustun deb ko‘rsatishga kamroq berilasiz va buning natijasida dunyoni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan maqsadingizni amalga oshirish uchun ko‘proq erkinlikka ega bo‘lasiz».

