Ushbu kitobning har bir bobida men dunyoning yuzlab boylari (ko‘plarining tarjimayi hollarini batafsil tahlil qildim) foydalanib, boylik orttirgan, ko‘paytirgan va ko‘paytirishda davom etayotgan pul topish sirini eslatib o‘taman.
Yarim asrdan ko‘proq vaqt oldin, men hali juda yosh bola bo‘lganimda, bu sirning mavjudligiga mening e’tiborimni faqat Endryu Karnegining o‘zi qaratgan edi. Bu keksa shotlandiyalik, aytish kerakki, juda ayyor edi, go‘yo tasodifan meni shu fikrga olib keldi-yu, keyin kresloga suyanib olib, sho‘x ko‘zlari bilan meni kuzata boshladi. U aytilgan gaplarning ma’nosini to‘la-to‘kis tushunib olishga aqlim yetadimi-yo‘qmi, shuni bilmoqchi bo‘ldi.
G‘oyani ilg‘ab olganimga ishonch hosil qilgach, u so‘radi: "Siz bu sirni dunyoga, butun umrini muvaffaqiyatsiz o‘tkazishi mumkin bo‘lgan erkaklar va ayollarga ochishga jur’at etasizmi? Axir bunga tayyorgarlik ko‘rish uchun 20-yil, hatto undan ham ko‘proq vaqt sarflashingizga to‘g‘ri keladi." Men tasdiqlab javob berdim, albatta, janob E. Karnegi o‘z va’dasini bajardi.
Hayotning deyarli barcha sohalarida ko‘pchilik amalda sinab ko‘rgan ana shu sirga kitob bag‘ishlangan. Janob Karnegi o‘ziga ulkan boylik keltirgan sehrli retsept pulning qanday ishlab chiqarilishini o‘rganishga vaqti bo‘lmagan odamlarning qo‘liga tushishi kerak deb hisoblardi. U mendan bu retseptni sinab ko‘rishimni va har bir kasb vakilining hayotiy tajribasidan kelib chiqib, uning ta’sirchanligini ko‘rsatishimni kutgan edi. Janob Karnegi, shuningdek, bu retseptni barcha maktab va kollejlarda o‘rgatish kerak, deb hisoblardi. Uning fikricha, agar u to‘g‘ri o‘rganilsa, butun ta’lim tizimi inqilobiy o‘zgarishlarga uchraydi va bilim olish uchun ajratilgan vaqt kamida ikki baravar qisqarishi mumkin.

