"Diqqat: Chalg‘ituvchi Dunyoda Muvaffaqiyat Sirlari" – amerikalik professor va yozuvchi Kel Nyuportning bestseller kitobi bo‘lib, zamonaviy dunyoda ijtimoiy tarmoqlar va chalg‘ituvchi omillar ta’sirida diqqatni jamlash va samarali ishlash usullarini o‘rgatadi. Kitob ilk bor o‘zbek tiliga 2020-yilda Sojida Samandarova tomonidan tarjima qilingan va Nihol nashriyoti tomonidan chop etilgan. Asar ish va o‘qish jarayonida diqqatni jamlash qiyinlashgan zamonaviy sharoitlarda “teran ish” (deep work) tushunchasini joriy qiladi – bu kognitiv jihatdan talabchan vazifalarga chalg‘imasdan diqqatni to‘liq jamlash qobiliyati.
Kitobda Kel Nyuport ijtimoiy tarmoqlar (Telegram, Instagram va boshqalar), elektron pochta va boshqa chalg‘ituvchi vositalarning diqqat va vaqtni “o‘g‘irlashi” muammosini tahlil qiladi. Muallif chalg‘ituvchi dunyoda muvaffaqiyatga erishish uchun diqqatni muhim va murakkab vazifalarga qaratish zarurligini ta’kidlaydi. Teran ish orqali o‘quvchilar murakkab ma’lumotlarni tez o‘zlashtirish, sifatli natijalarga erishish va ish jarayonida haqiqiy qoniqish hissini topish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kitobda Bill Geyts, Karl Yung, Mishel de Monten, Mark Tven va J.K. Rouling kabi shaxslarning teran ishdan foydalanganligi misollar orqali isbotlanadi.

