Jek London – “Dengiz bo‘risi”
Asarning bosh qahramoni Hamfri dastlab o‘z hayotini xavfsiz, qulay, madaniyatli muhitda kechirgan ziyoli inson edi. U hayotni nazariy jihatdan bilar, ammo bilganlarini tanasida his qilib ko‘rmagandi.
U kema halokati sababli “Ruh” kemasiga tushib qoladi. Va bu kema Hamfri uchun haqiqiy hayot maktabiga aylanadi. Kapitan Bo‘ri Larsenning shafqatsizligi, kemadagi zo‘ravonlik, mashaqqatli mehnat va hayot-mamot kurashi uni o‘zgartira boshlaydi.
Avvaliga bunday sharoitga dosh bera olmaydi, jismonan zaifligi va hayotiy tajribasizligi unga azob beradi. Ammo aynan shu og‘riq, tahdid va tahqirlar uning ichki kuchini uyg‘otib yuboradi.
Asarda muallif Hamfri o‘zligini qanday topayotganini bosqichma-bosqich ko‘rsatadi. Og‘ir va og‘riqli jarayonlarda “men ham eplay olaman” degan ishonchi paydo bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz.
Keyinroq u nafaqat jismonan, balki ma’naviy jihatdan ham o‘sadi. O‘z qadriyatlarini, insoniylikni, mehr-muhabbatni yovvoyi muhitda ham himoya qilishga kirishadi.
Bo‘ri Larsenning hayot falsafasi “faqat kuchlilargina yashashga haqli” bo‘lsa, Hamfri o‘z tajribasi orqali boshqa haqiqatni kashf etadi: kuch faqat jismda emas, ruhda ham bo‘lishi kerak. U kapitan Larsen tarbiyasida yangi odamga aylanadi. Ammo unga o‘xshab zo‘ravon emas, bardoshli, qat’iyatli, g‘ururli inson bo‘lib yetishadi.
Jek London “Dengiz bo‘risi” romanida o‘rtaga qo‘ygan eng keskin va falsafiy ziddiyat kuch va axloq o‘rtasidagi kurashdir.
Bo‘ri Larsen jismonan qudratli, aqli o‘tkir, jasoratli, lekin bir vaqtning o‘zida axloqiy tamoyillardan uzoqdagi kishi. U “Hayot bu kurash. Kuchlilar yashaydi, zaiflar esa yo‘q bo‘lib ketadi” deb hisoblaydi. O‘z kemasini ham shu qoida bo‘yicha boshqaradi.

