Aziz kitobxon, nihoyat, siz uzoq va sog‘inch bilan kutgan asar nashrdan chiqdi. Sabr va intizorlikning mevasini olish vaqti keldi. Qardosh Qirg‘iz va Qozog‘iston adabiyotining ikki buyuk ustuni — Chingiz Aytmatov va Muxtor Shohonovning suhbatlari asosida tuzilgan ushbu asar, insoniyat taqdiri haqida qayg‘uradigan har bir o‘quvchi uchun qimmatli tuhfadir.
Kitobda o‘tgan ajdodlar ruhiga hurmat, ular qoldirgan ma’naviy meros va qadriyatlar oldidagi mas’uliyat, kelajak avlod taqdiri, insonning tabiat ne’matlariga munosabati, ma’naviy kamol, til va millat uyg‘unligi, Vatan qadri, muhabbatning inson hayotidagi o‘rni kabi masalalar yoritilgan.
O‘quvchi kitobni o‘qir ekan, suhbatdoshlarning qalbidagi og‘riqni o‘zida ham his qiladi. Adabiyotga shunchaki kirib kelmagan, til, din va millatidan qat’i nazar, Odamzot taqdiri va kelajagi uchun qayg‘urgan, kelajak avlodni faqat baxtli ko‘rishni istagan Aytmatov va Shohonov kabi iste’dod egalarining istaklari ushbu asar orqali ifodalanadi. Ular bizni har doim uyg‘oq yurak va ruh bilan yashashga chorlaydi.
Shuningdek, 90-yillarda chop etilgan Chingiz Aytmatov va Muxtor Shohonovning «Choqqida qolgan ovchining o‘hi zori» kitobi «Zabarjad Media» nashriyoti tomonidan qayta nashr etilmoqda.

