Dunyo xaritasiga nazar tashlasangiz, And togʻlari va Tinch okeani oʻrtasida joylashgan ingichka va uzun chiziqqa koʻzingiz tushadi. Bu Chilidir. Iqtisodiyot olamida bu kichik davlat ulkan bir laboratoriya vazifasini oʻtab bergan.
Ushbu kitob insoniyat tarixidagi eng bahsli va keng koʻlamli iqtisodiy eksperimentning anatomiyasi boʻlib, bizni oʻsha laboratoriyaning ichiga, “Chikago yigitlari”ning orzulari va xatolari olamiga olib kiradi.
Tarafdorlari “erkinlik va farovonlik yoʻli”, tanqidchilari esa “boylar va kambagʻallar oʻrtasidagi jarlikni kengaytiruvchi tizim” deb ta’riflaydigan “neoliberalizm” atamasining paydo boʻlishida Chili va undagi “Chikago yigitlari”ning oʻrni beqiyos.
Neoliberalizm deganda koʻpchilikning koʻz oldiga sovuq raqamlar va bozor iqtisodiyotining qattiqqoʻl qoidalari keladi. Ammo aslida qanday boshlangandi, nimalar maqsad qilingandi? Diktator Augusto Pinochetning neoliberalizmga qanday aloqasi bor?
Shu va boshqa qiziqarli savollarning javobini muallif juda samimiy va sodda tilda bayon qiladi. U kitobning ilk sahifalaridayoq oʻquvchini muhim bir savol bilan yuzlashtiradi: “Qanday qilib erkin bozor gʻoyalari avtoritar rejim bilan til topishib ketdi?”

