Bandalariga moliyaviy muomalalarni halol yo‘llar bilan amalga oshirishni va harom yo‘llardan chetlanishni amr qilgan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamd-u sanolar bo‘lsin!
Ummatlariga moliyaviy muomalalarni batafsil tushuntirib, ularni qanday amalga oshirishni ko‘rsatib bergan mahbub Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga mukammal va batamom salavotlar va durudlar bo‘lsin!
Qadimgi fuqaholarimiz ushbu «Bozor va unga bog‘liq masalalar» deb atayotgan kitobimizda keladigan masalalarga oid bobni «Kitobul bay’i» – «Savdo kitobi» deb atashgan.
Har bir inson turmush taqozosi ila hayotida doimiy ravishda moliyaviy muomalalarga duch keladi va bu muomalalarda ishtirok etadi. Ayni shu muomalalar odamlarning ko‘p vaqtini va faoliyatini o‘z ichiga oladi.
Moliyaviy muomalalar tartibga solinmasa, ularning qoidalari bo‘lmasa, kishilar orasida kelishmovchiliklar ko‘payishi aniq.

