Dunyoni lol qoldirgan o‘tmishdagi siymolarning barchasi har doim ham haybatli qiyofada ko‘rinishganmi?
Yo‘q, albatta! Axir, ular ham bir paytlar sho‘x, har narsaga qiziquvchan, quyoshning chiqishiga hayrat bilan boqqan, kapalaklar ortidan quvgan va eng shirin orzular qurgan bolakaylar bo‘lishgan.
Ushbu turkumdan joy olgan hikoyalar orqali tarixdagi eng mashhur shaxslarning bolaligiga sayohat qilamiz. Buyuk insonlarning shon-shuhratidan oldingi oddiy, samimiy va orzularga to‘la lahzalariga guvoh bo‘lamiz. Bir kun, ha, atigi bir kun... Biroq ana shu bir kun ichida ularning kuchli fe’l-atvori, jasorati-yu kelajakka qo‘ygan ilk qadamlarini his etamiz. Ularning bir kunlik hayoti, o‘yinlari va ilk kashfiyotlari bilan tanishar ekanmiz, beixtiyor: "Men ham buyuk inson bo‘la olaman!" — degan ishonchni birgalikda tuyamiz.
Har bir hikoya bizni — yosh o‘quvchini o‘ylashga, o‘rnak olishga va o‘z imkoniyatlarimizga ishonishga chorlaydi. Zotan har qanday buyuklik ham bolalikdan: bir kun, bir orzu va bir jasoratdan boshlanishi muqarrar.

