Shoir va yozuvchi Boqi Mirzoning "Ko‘zlaringni sog‘indim..." romanining birinchi kitobi mavzuga oid avvalgi ishlaridan farq qiladi. U o‘ziga xoslik va muammoga yangicha yondashuvga ega.
Yigirma besh yoshdan qirq yoshgacha bo‘lgan davrda inson kuchli, sog‘lom va aql-zakovatda yengilmasdir. U dunyoga zavq-shavq, istak va ishonch bilan qaraydi. Shu bilan birga bu yoshdagi insonlarning muhabbati kuchli bo‘ladi. Asarda yozuvchi o‘zining kechinmalari, tashvish va quvonchlari, qalbini to‘ldirgan his-tuyg‘ulari, ruhiyati, xatolarini anglash jarayonida boshidan kechirgan iztiroblari haqida yozadi.
Hayot murakkab jarayon bo‘lib, yaxshilik bir umr qalbda saqlangani kabi, xatolar ham uzoq yillar xotiradan o‘chmaydi va ularni takrorlamaslik haqida ogohlantiradi. Muhimi, insonga uning xatolarini ko‘rsatib, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan halol, adolatli Do‘st kerakligi asarda umid bilan ta’kidlanadi.

