O‘zbek tolibi ilmlari uchun biroz bo‘lsa-da kulaylik yaratish maksadida mazkur ikki nazm matnini o‘zbek tilidagi nazmiy tarjimasi bilan keng ommaga takdim etishni davr talabi deb topib, qo‘lingizdagi ushbu kitobcha e’tiboringizga havola qilinmokda.
Bandasiga kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik aylamagan Allohga hamd-u sanolar bo‘lsin! Sayyidimiz Muhammad Mustafoga va u zotning ol-u as’hoblariga, u zotni do‘st tutganlarga salot-u salomlar bo‘lsin!
Yurtimiz Islom nuri bilan munavvar bo‘libdiki, xalqimiz Qur’oni Karimga o‘zgacha ixlos va muhabbat bilan munosabatda bo‘lib kelgan. O‘tgan asrda mustabid tuzum ostida hatto dinning barcha hukmlaridan mahrum qilinganda ham musulmon xalqimiz Qur’onini qalb-u qo‘lida tutib qoldi.
Aytish lozimki, o‘zbekcha nazm ham asl matn kabi sharhga muhtoj. Biroq, ushbu nashrdan maqsad asosan matnlarni taqdim etish bo‘lgani uchun ularni sharhlashga kirishilmadi. Alloh nasib qilsa, kelajakda bu ishga O‘zi bizni muvaffaq etsa, ajab emas.
Asarlar mualliflari ko‘pchilikka hali ma’lum bo‘lmagani va qabul qilingan tartib yuzasidan har bir asarga kirishdan oldin muallif va asar xususida qisqacha ma’lumot berib o‘tish lozim topildi. Zero, muallifni tanish, uni yaxshi ko‘ra bilish asarni yodlashni osonlashtiruvchi eng muhim omillardan hisoblanadi.
Ushbu mashhur manzumalarning o‘zbek tilidagi nazmiy tarjimalari ahli Qur’onlarga shodlik keltirishi umidida «Bir juft tuhfa» deb nomalandi. Yaxshilik bo‘lsa, Robbimizdan, kamchiliklarni bandayi ojizdan deb bilgaysiz.

