Sokin va osuda o‘lkalarning birida qator xonadonlar devor bilan o‘rala boshlandi. Bu uylarning sohiblari makonlarini o‘z qiymatidan bir necha barobar yuqori narxga sotib yuborishgandi. Devorlar bitgach esa ichkaridagi xonadonlar tinim bilmas buldozerlar yordamida bir tekis buzib tashlandi. Bu manzarani qo‘shnilar hayrat ila kuzatib turardi. Oradan bir necha kun o‘tgach, devor bilan o‘rab olingan maskanda ustaxona kabi katta bino qad rostladi, ichida ish qaynay boshladi. Mahalla ahli o‘rtasida bu ulkan hududda katta tadbirkorlik markazi yoki turarjoy majmuasi barpo qilinarkan, degan gap-so‘zlar urchidi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu yerda qanday bino bitayotganining ilk belgilari namoyon bo‘ldi: bir necha xonadonni bag‘riga olgan hovli betakror me’moriy dizaynga ega bo‘lib, bu yerda bahaybat va hashamatli qasr qurilayotganidan darak berardi.

