«Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang» deya marhamat qilib, musulmonlarga bilmaganlarini ahli ilmlardan o‘rganishni buyurgan Alloh subhanahu va taologa hamd-u sanolar bo‘lsin!
Ummatlariga muallim bo‘lgan, ularning savollariga javob berib, bilmaganlarini o‘rgatgan, bashariyatni jaholat zulmatidan ilm-u irfon nuriga chorlagan Rasulimizga durudu salavotlar bo‘lsin!
Nabiylariga voris o‘laroq xalqqa Islomni o‘rgatgan, turli hayotiy va hatto faraziy masalalarni bayon qilish bilan kishilik jamiyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ilm ahllariga Alloh taoloning rahmati bo‘lsin!
Ma’lumki, ana shunday vorislardan biri sanalmish marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari rahimahulloh shariat, ilm-u ma’rifat yo‘lida insoniyat uchun mislsiz xizmat qildilar. Xizmatlari ichida eng ko‘zga ko‘ringani u kishining fatvolari, odamlardan tushgan savollarga bergan javoblari bo‘ldi. Qayerda bo‘lmasinlar, xalq shayx hazratlaridan din-u diyonat mavzusida savollar so‘rardi.

