Inson chin yurakdan istasa, o‘qib – olim, uqib – oqil bo‘lishi mumkin, ammo naqadar xohlamasin, qanchalar intilmasin, tug‘ma iste’dodi bo‘lmasa, shoir sifatida el qalbidan joy ololmaydi. Qismatiga shoirlik bitilgan inson butun umr xalq dardi, orzu va umidlari bilan yashaydi, el-u yurtini hech qanday ta’masiz, pok va samimiy muhabbat bilan ardoqlaydi. Asl shoir qalbdan kuylaydi, uning ko‘ngil kuyi millionlab insonlar qalbiga yorug‘lik olib kiradi, ezgu va go‘zal tuyg‘ularni junbushga keltiradi. O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirni ana shunday “zuvalasi she’r bilan qorilgan” tug‘ma iste’dod sohibi.Ha, shoirning o‘z so‘zi, sozi va ovozi bor, she’riyatining mavzu ko‘lami esa benihoya keng va rang-barang. Vatan, ona, do‘stlik, mehr-muhabbat kabi yuksak insoniy tushunchalar va fazilatlarni tarannum etgan shoir she’rlari qo‘shiqqa aylanib, xalqimizga yod bo‘lib ketgan. Bu o‘lmas va betakror she’riyat o‘zbek adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin egallab, hali uzoq yillar xalqimiz ma’naviyatini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.

