«Аждарҳо парвози. Хитой қандай қилиб буюк давлатга айланди» Ориана Скайлар Мастро — Xitoyning qisqa tarixiy davr ichida dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylanish jarayonini tahlil qiluvchi asar. Muallif bundan bir necha o‘n yil avval iqtisodiy, harbiy va siyosiy imkoniyatlari jihatidan AQShdan ancha ortda bo‘lgan Xitoy qanday qilib xalqaro tizimda kuchli mavqega ega bo‘lganini tushuntiradi.
Mastoning fikricha, Xitoyning yuksalishini faqat boshqa buyuk davlatlarga taqlid qilish bilan izohlab bo‘lmaydi. Pekin ayrim muvaffaqiyatli strategiyalarni o‘zlashtirish bilan birga xalqaro tizimdagi bo‘shliqlar va zaif tomonlardan foydalangan hamda o‘ziga xos yangi yondashuvlarni ishlab chiqqan. Muallif aynan shu uch yo‘nalishning uyg‘unligini Xitoyning kuchayishidagi asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatadi.
Asarda Xitoyning tashqi siyosati, harbiy strategiyasi va iqtisodiy siyosati alohida tahlil qilinadi. Muallif mamlakat ushbu sohalarda o‘z ta’sirini qanday kengaytirgani, xalqaro maydondagi mavjud imkoniyatlardan qanday foydalangani va boshqa yirik davlatlarning keskin qarshiligiga duch kelmasdan o‘z mavqeini qanday mustahkamlaganini ko‘rsatadi.
«Аждарҳо парвози» zamonaviy geosiyosat, Xitoyning iqtisodiy va harbiy kuchayishi hamda buyuk davlatlar o‘rtasidagi raqobatga qiziqadigan kitobxonlar uchun qiziqarli. Kitob Xitoyning bugungi mavqeiga qanday yetib kelganini yaxlit va tahliliy tarzda tushunishga yordam beradi.

