Aleksandr Romanovich Belyaev nafaqat rus, balki jahon adabiyotida ham e’tirof etilgan yozuvchilardan biridir. Shuningdek, adabiyot tarixida Aleksandr Belyaev kabi asarlari ko‘p ekranlashtirilgan, ijodi keng o‘qilgan adiblar barmoq bilan sanarli. Rus fantastik adabiyoti asoschilaridan biri bo‘lgan bu ijodkor kabi hayoti fojialarga to‘la, mashaqqatlarni yenga olgan matonatli insonlar ham kam topiladi.
Yozuvchi yashab, ijod qilgan yillar ijtimoiy hayotda fidoyilik, g‘ayrat, tashabbus bilan bir qatorda, g‘oyaviy dogmatizm, qatag‘onlar avj olgan, yorqin ijodkorlar ta’qibga uchragan og‘ir sinov yillari edi.
Uning asarlari qolipdan uzoqligi, insoniyat dardu hasratlari, orzu-armonlariga hamdardligi, yovuzlikka nisbatan nafrat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgani tufayli ko‘plab tanqidlarga ham uchradi. Shu bilan birga, u xalq mehrini ham qozondi.
Uning asarlaridagi romantik orzular, ilmiy va ma’naviy xazinalar yosh avlodni hamisha to‘lqinlantiradi va ezgulikka chorlaydi.

