Abdulla Avloniyning ma’rifiy-axloqiy asarlari, xususan, "Turkiy guliston yoxud axloq" risolasi asriy qadriyatlarimiz, milliy ma’naviyatimiz tiklanayotgan bugungi kunimiz uchun g‘oyat dolzarbdir. Mashhur ma’rifatparvarning "Birinchi muallim," "Ikkinchi muallim" darsliklaridagi qisqa hikoyatlar, "Tarixi anbiyo"dagi ma’lumotlar ham yosh avlod tarbiyasida foydadan xoli emas. Yozuvchi dramalari o‘zbek teatrining tamal toshini qo‘ygan teatr arbobining intilish va imkoniyatlarini, o‘zbek dramaturgiyasining ilk qadamlarini yaqindan ko‘rishga, anglashga yordam beradi. Nihoyat, ushbu 2-jildga kiritilgan "Afg‘on sayohati" kundaliklari xiyonat va aldovga to‘la 1919-yil, qilich va qon bilan tug‘ilgan qizil imperiya fojiasi haqida yorqin hujjatdir.

