• Abdulkarim Hasan: To'y bo'lsin qolgani sizga bog'liq
To‘g‘ri ishlatilmagan vaqt yoki mablag‘ insonni halokat sari boshlaydi. Odamlarning «Mening boshqalardan nima kam joyim bor?» «Boshqalar nima deydi?» «Men falonchining to‘yida mehmon bo‘lganman», «Xalqning oshini yeganman», «O‘qib shahar olib berarmiding?» «Ko‘p kitob o‘qib aqlli bo‘lib qoldingmi?» «Biz ham shunday qilmasak bo‘lmaydi» degan qarashlari bilan asrga teng yillar behuda o‘tkazib yuborilyapti. Bu noto‘g‘ri qarashlar inson va jamiyat taraqqiyoti uchun naqadar xatarlidir. Bu xatarlarning oldini olish farzandlarimizni taʼlim-tarbiya olishiga imkon yaratib berish bilan bo‘ladi. Imkon yaratib bermaslik esa oila va millat fojiasi ekanligini yaxshilab anglab olishimiz kerak.
Shuning uchun ulug‘ mutafakkirlarimiz ilm olishga targ‘ib qilib, bu haqida jon kuydirib, ko‘p gapirganlar. Agar millatimiz yana ham yuksalishini xohlasak, ularning o‘gitlarini o‘qib, amal qilishimiz, lozim.
Bu holatlarga chetdan qarab turolmadim. Qo‘limga qalam oldim. Ilmsizlikdan farzandlarimizni qutqarib qolish hammamizning burchimizdir. Kitobni sizlarga manfaatli bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolaman!

