bosh sahifa / Sarflash va tejash / HAJ-2024: qachon boshlanadi, amallari va qatnashish qoidalari
Yangilanish sanasi: 17.05.2024

HAJ-2024: qachon boshlanadi, amallari va qatnashish qoidalari

Sizga Hajning sanalari, asosiy qoidalari, amallari va ta’qiqlari haqida gapirib bermoqchimiz.

2024-yilda minglab o‘zbekistonlik ziyoratchilar muqaddas qadamjolar sari unutilmas sayohatga otlanadi. Hajning sanalari va Hajga borishni xohlovchilar rioya etishi lozim bo‘lgan asosiy amal va qoidalari haqida gapirib beramiz.

Haj va Umra: farqlari

Eslatib o‘tamiz: kichik haj sifatida tanilgan Umra ziyorati sunnat bo‘lsa-da, asosiy ziyorat bo‘lmish katta Hajni  jismoniy va moddiy imkoniyatga ega har bir musulmon umrida bir marta bo‘lsa ham bajarishi shart. Umra uchun eng yaxshi oy Ramazon oyi hisoblanadi, lekin boshqa paytda ham amalga oshirish mumkin.

Hajni faqat Zulhijja oyida bajarish mumkin. Nisbatan tez yakunlanadigan Umradan farqli, Haj bir necha kun davomida amalga oshiriladi, chunki Haj qator amallarni o'z ichiga oladi. Har ikki ziyoratda ham o‘xshash amallar mavjud, ammo Haj amallari ham ko‘proq, ham murakkabroq.

2024 yildagi Haj sanasi: qachon boshlanadi va qachon tugaydi?

2023-yilda O‘zbekistondan 15 150 nafar ziyoratchi Haj ziyoratini ado etdi. Bu yil esa bu ko‘rsatkich yanada oshishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Haj besh kun – Zulhijja oyining 8-dan 12-kuniga qadar davom etadi. Islom taqvimi qamariy taqvimga asoslangani sababli, ziyorat vaqti har yili o'zgarib turadi.

2024 yil O‘zbekistonda Haj 23 maydan boshlanadi.

Ziyoratchilar muqaddas joylarga oldinroq yetib boradilar. Joriy yilning 7 iyuniga qadar Saudiya Arabistoniga har kuni aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. 10 ta shaharda, jumladan, Toshkent, Fargʻona, Samarqand va boshqa shaharlarda ziyorat reyslari tashkil etiladi.

Shuningdek, safarga otlangan solihlarni ro‘yxatga olish bir necha oy oldin boshlanadi – masalan, 2024-yilgi Haj uchun ro‘yxatga olish 2023-yil dekabrida boshlangan.

Hajni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha ma'lumotlar (parvoz jadvali va boshqalar) O‘zbekiston musulmonlari idorasi saytida joylashtiriladi. Odatda ma'lumotlar Haj  boshlanishidan biroz oldin nashr etiladi, demak 2024 yilgi Haj haqida batafsil ma'lumotni may oyining oxirlarida kutish kerak.

Hajda qanday qatnashish mumkin?

Saudiya Arabistonida Hajga bormoqchi bo‘lgan xorijliklar uchun qat'iy qoidalar belgilangan. Bu qoidalar Qirollikning Haj va Umra vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Viza

Aksariyat xorijlik ziyoratchilarga viza kerak (Saudiya Arabistoniga vizasiz kirish huquqiga ega boʻlgan mamlakat fuqarolari Hajga borish uchun oʻsha davlat hukumatidan ruxsat olishi kerak). 2023 yilda qirollik O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirdi. Tashrif buyuruvchi elektron viza asosida mamlakatga kirishi va u yerda 90 kungacha qolishi mumkin. Vizaning narxi 146 dollarni tashkil etadi, vizani onlayn yoki yetib kelgandan keyin aeroportda olish mumkin. Bu viza Saudiya Arabistoniga sayyoh sifatida kelganlar, qarindoshlarini ziyorat qiluvchilar yoki Umra safari uchun kelganlarga to‘g‘ri keladi. Biroq Haj ziyoratini ado etishni xohlovchilar uchun maxsus Haj vizasi talab qilinadi.

Ziyoratchilarga Haj vizasi bepul beriladi, lekin ular Haj va Umra vazirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qila olmaydi. O‘zbekistonda ziyoratni tashkil qilish va viza berish bilan Musulmonlar idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita shug‘ullanadi.

Sayyohlik agentliklari O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining tegishli ruxsatiga ega bo‘lgan taqdirda Umra safarini tashkil qilishi mumkin. Biroq ularga Haj ziyoratini uyushtirish ta'qiqlangan. Agar to'satdan Internetda yoki ijtimoiy tarmoqlarda bunday xizmatning reklamalariga duch kelsangiz, ular noqonuniy ekanligini unutmang.

Musulmonlar idorasida aytib o‘tishganidek, rasmiy kelishuvlar asosida tashkil etilmagan ziyorat safari ko‘plab muqaddas joylarni ziyorat qilish hamda Arafot tog‘ida, Mino va Muzdalifa vodiylarida namoz o‘qish imkonini bermaydi. Saudiya Arabistoni qonunlarini buzish jiddiy oqibatlarga olib keladi. Xullas, muqaddas joylarga noqonuniy sayohat qilishga uringanlarni deportatsiya va 10 yilga kirish ta'qiqi kutadi. Shuningdek, 100 ming Saudiya rioli (taxminan 26 ming dollar) miqdorida jarimaga tortiladi. Qirollik hukumati 2024-yilda ushbu qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilishi, ziyoratchilarning faqat Haj vizasi bilan kirishi qat'iy nazorat qilinishi haqida ogohlantirgan.

Haj vizasini olish uchun nima kerak:

  • kamida 6 oy amal qiladigan xorijiy pasport, viza uchun kamida bitta bo‘sh sahifa bo‘lishi kerak;
  • oq fonda yaqinda olingan rangli fotosurat (pasport turi);
  • ziyorat masalalari bilan shug‘ullanishga vakolatli tashkilot muhri bilan tasdiqlangan shaxsiy ma'lumotlar kiritilgan ariza;
  • meningitga qarshi emlash sertifikati;
  • ziyorat xizmatlari uchun harajatlar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • borish-qaytish uchun chiptalar qaytarib topshirilmasligini tasdiqlash;
  • Haj ziyoratiga boruvchi ayol o'zi bilan birga ketayotgan mahrami qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatni arizasiga ilova qilishi kerak. 45 yoshdan oshgan ayol mahramsiz uyushgan guruh tarkibida Haj ziyoratiga borishi mumkin, ammo buning uchun eri, o‘g‘li yoki ukasining notarial tasdiqlangan ruxsatnomasi kerak bo‘ladi.

Haj vizasi bilan Jidda, Makka va Madinada bo‘lish mumkin. Haj ziyoratini tugatgandan so'ng, ushbu turdagi viza bilan Saudiya Arabistonida qolishga ruxsat berilmaydi.

Kvotalar

Eslatib o‘tamiz, ziyorat kvotasi mavjud. Turli mamlakatlar uchun bu kvota har xil. Bu hujjat har yili har bir davlat delegatsiyasi hamda Haj va Umra vazirligi tomonidan imzolanadi. 2022-yilda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yillik kvotani oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, bu koʻrsatkich ikki baravar koʻpayadi –  24 ming kishigacha.

Kimlar Hajda qatnashishi mumkin?

Haj ziyoratiga qatnashuvchilar soni cheklanganligi sababli, kutish ro‘yxati bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Hukumatining 2017-yil 7-iyundagi 364-sonli qaroriga asosan, Haj safariga borishni xohlovchilar doimiy propiskadagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga tegishli ariza va pasport nusxasini taqdim etishi shart. Keyin nomzodlar ro‘yxati hokimliklar huzuridagi tashkiliy guruhlarga yuboriladi.

2017-yilda “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga o‘zgartishlar kiritildi. Avvalgi nizomga ko‘ra, takroriy Haj qilish ta'qiqlangan edi (ilgari so‘nggi 5 yil ichida bu ziyoratni amalga oshirmagan O‘zbekiston fuqarolari borishi mumkin edi). Shuningdek, ziyoratchilarga qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar belgilandi. Xususan, ular:

  • Haj ziyoratini ado etish uchun moddiy va jismoniy imkoniyatga ega bo‘lishi kerak;
  • yetarli darajada diniy bilimga ega bo‘lishi kerak;
  • mahallada ijobiy hulq-atvori bilan tanilishi kerak;
  • sog‘lom oilaviy munosabatlari bilan o‘rnak bo‘lishi kerak.

Maxsus ishchi guruhi nomzodlarning har biri bilan suhbat o‘tkazib, ularni ziyoratchilarning onlayn-navbatiga kiritish uchun tanlab oladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasida ta'kidlaganlaridek, Haj, avvalo, Alloh taologa ibodatdir. Binobarin, ziyoratga psixologik, ma'naviy-ahloqiy jihatdan munosib insonlar borishi muhimdir. Muqaddas joylarga sayohat qilish uchun jismoniy holati imkon berishidan tashqari, ziyoratcnilar nafaqat Haj uchun mablag‘ga ega bo‘lishi, balki qaramog'idagilarini to'liq moddiy ta'minlab ketishi ham shartdir. Boshqarmada ta'kidlashlaricha, farzandlarni ta'minlash mas'uliyati Haj ziyoratini ado etishdan muhimroq. Shuningdek, nisobga teng bo‘lgan mulk egasi Haj uchun mablag‘ jamg‘arayotganini ro‘kach qilib zakot bermasa, bu ham nomaqbuldir.

Haj amallari

Maʼlumki, Haj islom dinining besh ruknidan biri boʻlib, aniq bir joyga – Makkaga bogʻlangan boʻlsa; shahodat, namoz, roʻza va zakot istalgan joyda ado etilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, Haj ziyoratiga pok niyatlar bilan borish, qilgan gunohlarga tavba qilib, kelgusida gunoh qilmaslikka ibodatda va'da berish muhimdir.

Hajning muhim amallari har bir musulmonga ma'lum. Haj ibodatining farzlari quyidagilar:

  • tahorat olgan holda ehromga kirish;
  • Arafot tog‘ida turish (vuquf);
  • Ka'bai muazzama tavofini amalga oshirish (tavoful ifoza).

Hajning vojiblari quyidagilar:

  • Safo va Marva tepaliklari orasida sa'y qilish;
  • Muzdalifa hamda Minoda ma'lum kun turish, shaytonga tosh otish;
  • sochni oldirish yoki qisqartirish;
  • Tavoful vido qilish.

Hajda nima qilish mumkin emas

Hoji ehrom kiyib, niyat qilgan paytdan boshlab Haj bilan bog‘liq barcha ta'qiqlarga rioya qilishi shart. Asosiylari quyidagilar:

  • kundalik kiyim kiyishni ta'qiqlash (ehromni Haj oxirida, sochni oldirgandan keyin yechish mumkin);
  • yomon so'z aytish, so'kinishni ta'qiqlash;
  • diniy nizolarni ta'qiqlash;
  • intim munosabatlarni, quchoqlashish va o‘pishishni ta'qiqlash;
  • tirnoq va sochni kesishni ta'qiqlash (soch kesishga ta'qiq sochni qisqartirish marosimigacha amal qiladi);
  • dunyoviy ishlar va savdo-sotiqni ta'qiqlash;
  • barcha tirik mavjudotlarga, shu jumladan, o'simlik va hasharotlarga azob berishni ta'qiqlash;
  • hushbo‘y tutatqi va atirlardan foydalanishni ta'qiqlash.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
SH O D M O N ..R A H M A T O V ..
SH O D M O N ..R A H M A T O V ..
11 months ago

Qanday talablar bor